ChatGPT’da salomatlikni nazorat qilish uchun maxsus Health bo‘limi paydo boʻldi
E’lon qilingan sana: · 33

OpenAI kompaniyasi foydalanuvchilarga o‘z salomatligi haqida chuqurroq ma’lumot olish va uni boshqarish imkonini beruvchi “ChatGPT Health” (ChatGPT Salomatlik) yangi bo‘limini taqdim etdi. Hozircha bu boʻlim hamma uchun ochilgani yoʻq, uni qoʻshish uchun navbatga yozilish mumkin. Tez orada u keng ommaga ochiq boʻladi.

Ushbu funksiyaning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- Integratsiya va tahlil. Foydalanuvchilar endi o‘zlarining elektron tibbiy kartalari, Apple Health, MyFitnessPal va boshqa salomatlik ilovalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chatga ulashlari mumkin. Bu sun’iy intellektga tahlil natijalarini tushuntirish, ovqatlanish bo‘yicha shaxsiy maslahatlar berish va shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi.
- Yuqori darajadagi maxfiylik. “Sog‘liq” bo‘limi alohida himoyalangan maydon sifatida ishlaydi. Undagi ma’lumotlar maxsus shifrlanadi, asosiy chatlardan izolyatsiya qilinadi va neyrotarmoqning asosiy modellarini o‘qitish uchun mutlaqo ishlatilmaydi.
- Shifokorlar nazorati. Tizim 260 dan ortiq tibbiyot mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, u tashxis qo‘yish yoki davolash uchun emas, balki axborot ko‘magini berish uchun mo‘ljallangan.
Yangi imkoniyat hozircha cheklangan foydalanuvchilar guruhi uchun ochiq bo‘lib, yaqin haftalar ichida veb-versiya va iOS foydalanuvchilari uchun bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Elektron tibbiy kartalar integratsiyasi hozircha faqat AQSh hududida amal qiladi.