Bolalikka qaytib: Subway Surfers 2 oʻyini 26-fevral kuni chiqariladi

Mashhur Subway Surfers mobil o‘yini ishlab chiquvchilari Subway Surfers City deb nomlangan ikkinchi qism chiqarilashini e’lon qildi. O‘yinni 26-fevraldan boshlab iOS va Android platformalarida yuklab olish mumkin boʻladi.
Yangi loyiha konsepsiyani tubdan o‘zgartirmoqda. Asl o‘yin dunyo bo‘ylab sayohat atrofida qurilgan bo‘lsa, endi harakat doimiy xabga — ulkan ko‘p madaniyatli megapolis bo‘lgan Subway City’ga ko‘chiriladi. O‘yinchilar to‘rtta noyob hudud — Docks, Southline, Sunrise Boulevard va Delorian Park’ni o‘rganishi kerak bo‘ladi.
O‘yin jarayoniga yangi mexanizmlar, jumladan, tezlashtiruvchi panellar, maxsus oyoq zarbasi (stomp) va sakrovchi himoya qalqoni qo‘shiladi. Bundan tashqari, Subway Surfers City’da uchta asosiy rejim — klassik cheksiz yugurish, darajali va topshiriqli syujetdan iborat “Shahar bo‘ylab sayohat” hamda cheklangan vaqt sinovlari oʻrin olgan “Tadbirlar rejimi” taqdim etiladi.
Dasturchilar har bir o‘yin mavsumida shahar yangi joylashuvlar bilan kengayib borishini, shuningdek, personajlar, liboslar va xoverbordlar bilan to‘ldirilishini va’da qilmoqda.
2012-yilda chiqarilgan original Subway Surfers tarixdagi eng ko‘p yuklab olingan mobil ilovalardan biriga aylangan. SYBO studiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy yuklab olishlar soni 4,5 milliardni tashkil qiladi. O‘yinning oylik auditoriyasi hozirgacha 100 milliondan 150 milliongacha faol o‘yinchilarni tashkil etadi.