Samsung Olimpiya oʻyinlari uchun maxsus Galaxy Z Flip7 smartfonini taqdim etdi

Samsung Electronics Milano Cortina 2026 Qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari oldidan maxsus Galaxy Z Flip7 Olympic Edition smartfonini rasman taqdim etdi. Dunyo bo‘ylab taxminan 90 ta davlatdan 3 800 ga yaqin sportchilarga bepul tarqatiladi.

Smartfon 50 MP keng burchakli va 12 MP ultra keng kamera, sun’iy intellekt asosidagi Photo Assist, oflayn ishlaydigan Interpreter tarjimon funksiyasi hamda sportchilar uchun foydali bo‘lgan Now Brief kundalik SI-yordamchisi bilan jihozlangan. Qurilma tog‘li hududlarda ham aloqa uzilmasligi uchun maxsus optimallashtirilgan.

Dizayn jihatidan Galaxy Z Flip7 Olympic Edition Milano Cortina 2026 ruhini aks ettiradi: orqa paneldagi toʻq ko‘k rang Italiya “azzurro” uslubiga ishora qilsa, oltin rangli metall gardish sportchilarning yuqori pogʻonalarga intilishini ifodalaydi. Qurilma g‘alaba ramzi bo‘lgan dafna yaproqlari bilan bezatilgan maxsus magnit g‘ilof va Olimpiya mavzusidagi animatsiyalar bilan taqdim etiladi.

Shuningdek, smartfon ichida sportchilar uchun maxsus ilovalar jamlanmasi mavjud: Galaxy Athlete Card orqali sportchilar o‘zaro bog‘lanadi, Athlete365 esa jismoniy va ruhiy tayyorgarlik bo‘yicha yordam beradi. Qurilma bilan birga 100 GB 5G eSIM, Samsung Wallet orqali raqamli ruxsatnomalar va Olimpiya shaharchalaridagi vending avtomatlarida ishlaydigan Coca-Cola bepul ichimlik kaliti ham taqdim etiladi.

Galaxy Z Flip7 Olympic Edition 30-yanvardan boshlab olti shahardagi Olimpiya shaharchalarida tarqatiladi. Qurilma savdoga chiqarilmaydi va faqat sportchilar uchun mo‘ljallangan.