Apple eng arzon smartfoni – iPhone 17e'ni taqdim etdi

Apple iPhone 17e'ni rasman taqdim etdi. Bu mashhur modelning yangilangan versiyasi bo‘lib, unga muhim funksiyalar qo‘shildi, temiri yaxshilandi va boshlang‘ich narx o‘tgan avlod darajasida saqlanib qoldi

Asosiy o‘zgarishlar quyidagicha: smartfon MagSafe, yangi A19 chipi va asosiy versiyadagi 128 Gb dan 256 Gb gacha kengaytirilgan xotiraga ega bo‘ldi, boshlang‘ich narxi esa o‘zgarishsiz qoldi — 599 dollar (7 325 000 so‘m). Modem ham yangilandi — iPhone Air’dagi kabi C1 o‘rniga C1X ishlatilmoqda.
Ichki yaxshilanishlarga qaramay, telefonning tashqi ko‘rinishi oldingi modellarga yaqin bo‘ldi — yangi modelda dinamik orolcha emas, balki odatiy “qoshli” ekran ishlatildi, shakli ham iPhone 13/14 ga o‘xshash boʻldi. U alyuminiy korpusga ega va Camera Control tugmasi yo‘q.

Smartfon 2532×1170 piksel oʻlchamli, 60 Gts yangilanish tezligiga va 1200 nitgacha yorqinlikka ega 6,1 dyuymli OLED displeyiga ega. Asosiy kamera optik tasvirni barqarorlashtirish bilan 48 MP (ƒ/1.6), old kamera esa 12 MP (ƒ/1.9).
Yangi mahsulot qora, oq va pushti ranglarda sotuvga chiqariladi.
Apple, shuningdek, yangilangan iPad Air’ni taqdim etdi. Planshetda 8 yadroli protsessor, 9 yadroli grafik protsessor va 16 yadroli neyron dvigatelga ega M4 chipi mavjud. Kompaniya ma’lumotlariga koʻra, yangi model M3 versiyasidan 30 foizga va M1 modelidan 2,3 baravar tezroq. Operativ xotira 8 Gb dan 12 Gb gacha oshirildi. Shuningdek, u Wi-Fi 7 qoʻllab-quvvatlashi va eng soʻnggi iPhone’lardan tanish boʻlgan yangi N1 va C1X modemlariga ega.
iPad Air’da boshqa oʻzgarishlar kuzatilmadi.
