Raqamli tarix: ijtimoiy tarmoqlardagi birinchi postlarni bilasizmi?

E’lon qilingan sana· 19
Raqamli tarix: ijtimoiy tarmoqlardagi birinchi postlarni bilasizmi?

Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Bugungi kunda hech bo‘lmasa bir kunni ularsiz o‘tkazish salkam orzuga aylangan. Katta-katta shaharlarda ijtimoiy tarmoqsiz hayot — hashamat.

Ammo bir paytlar bunday hayot oddiy hol bo‘lgan. Hali uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Taxminan 20 yil oldin deyarli hech qaysi bir tarmoq hayotimizga kirib kelmagandi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular shu darajaga yetib keldiki, ularni hatto boshqarish qiyinlashdi.

Endi ularning millionlab, milliardlab foydalanuvchilari bor. Soniyasiga e’lon qilinayotgan postlar son-sanoqsiz. Lekin hech ijtimoiy tarmoqlardagi eng birinchi postga qiziqib ko‘rganmisiz? Bugun bir nechta tarmoq va xizmatlardagi birinchi postlarni bir joyga to‘pladik.

Instagram

Unchalik ham uzoq bo‘lmagan tarixda, qisqa xotiramiz ham bemalol eslay oladigan davrda Instagram bilan qiziq ish bo‘lardi — tasma tugab qolardi. Oldin u yerda ham foydalanuvchilar kam bo‘lgan, ham obuna bo‘lganlaringizdan boshqalarning postlari ko‘rinmagan, Reels bo‘limi bo‘lmagan va hokazo. Suratlarni ulashishga mo‘ljallangan oddiygina ilova bo‘lgan.

Bu yerda ham birinchi postni hammuassis joylagan. Instagram’da birinchi surat 2010-yil 16-iyul kuni San-Fransisko vaqti bilan 10:26 da e’lon qilingan. Uni Instagram asoschilaridan biri Mayk Kriger o‘z sahifasiga joylagan. U San-Fransiskodagi “DogPatch Labs” biznes-inkubatori derazasidan yaxta to‘xtash joyini suratga olgan.

Bugunga kelib ijtimoiy tarmoqdan kuniga 2−3 milliard odam faol ravishda foydalanadi.

YouTube

YouTube ijtimoiy tarmoq ta’rifiga unchalik ham tushmaydi, ammo video hosting bizning kundalik hayotimizning doimiy sherigiga aylangan. Shu sababli uni birinchilardan eslashimiz kerak. Barcha tarmoqlar orasida eng mashhur birinchi post aynan YouTube’dagi bo‘lishi mumkin, ehtimol.

Video hostingga birinchi post “Men hayvonot bog‘idaman” (“Me at the zoo”) nomi bilan yuklangan. Uni hammuassis Javed Karim 2005-yil 24-aprel kuni soat 20:27 da (Tinch okeani vaqt mintaqasi bilan) “jawed” kanalida e’lon qilgan. Videoda Karimning o‘zi bosh qahramon bo‘lgan, 19 soniyalik rolik uning do‘sti Yakov Lapitskiy tomonidan San-Diego hayvonot bog‘ida, fillar qafasi yaqinida suratga olingan. 2026-yil mart oyi holatiga ko‘ra, “Men hayvonot bog‘idaman” 385 milliondan ortiq ko‘rilgan va 18 milliondan ortiq layk olgan.

Hozirga kelib YouTube’da kuniga oʻrtacha 2,4−2,7 milliard foydalanuvchi bor.

X (sobiq Twitter)

Ilon Mask Twitter’ni sotib olib, uning nomini o‘zgartirganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Undan oldin ijtimoiy tarmoqqa Jek Dorsi egalik qilardi. O‘zbekistonda unchalik ham mashhur bo‘lmagan Twitter’dagi birinchi tvitni ham aynan uning o‘zi yozgan (u paytlar hali “twttr” deb yozilardi).

Tvit 2006-yilning 21-martida e’lon qilingan. Dorsi “Shunchaki tvitterimni sozlayapman” mazmunidagi qisqa gap yozgan. O‘sha paytda bitta postga faqatgina 140 ta belgi ishlatish mumkin bo‘lgan. Hozirda bu limit 2 baravar — 280 taga ko‘tarilgan.

Ushbu ijtimoiy tarmoqdan, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 550 million kishi faol foydalanadi. Bu raqamlar va boshqa ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga qarab tushunish mumkinki, X’ning unchalik mashhur emasligi faqatgina hududga bog‘liq emas.

Facebook

Bu ijtimoiy tarmoq barchasining ichida eng qariyasi. Mark Sukerberg uni 2004-yilda “thefacebook” nomi bilan boshlagan (va o‘zi tahsil oladigan Harvard universiteti talabalariga undan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan).

Garchi u asoschi bo‘lsa ham Facebook’ning birinchi foydalanuvchisi (ID bo‘yicha) Mark Sukerberg emas. Birinchi uchta ID raqami test uchun ochilgan, Markning ID raqami esa 4-o‘rinda turadi. Ammo keyinchalik bu 3 ta ID o‘chirib tashlangan. Facebook’dagi ilk postni topishning imkoni yo‘q, afsuski.

Threads

Ammo Mark Sukerberk boshchiligidagi boshqa, nisbatan yangi ijtimoiy tarmoqning birinchi postini topish mumkin. U Facebook bilan qilgan xatosini takrorlamadi va bu safar Twitter’ga oʻxshash tarmoq yaratib, Threads deb nomlab, undagi birinchi postni oʻzi yozdi.

U bu posti orqali foydalanuvchilarni Threads’dan foydalanishga chorlagan.


Siz oʻzingiz bu tarmoqlarga qoʻygan birinchi postingizni eslay olasizmi? U qanday boʻlgandi?

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling