Samsung 22-iyul kuni Galaxy Unpacked’ning katta taqdimotini o‘tkazadi. Undan nimalarni kutish mumkin?

Samsung oʻzining navbatdagi Galaxy Unpacked tadbirining sanasini rasman e’lon qildi. Marosim 22-iyul kuni Londonda, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.

Tadbirda bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmalar e’lon qilinishi kutilmoqda. Galaxy Z Fold8, Galaxy Z Fold8 Ultra, Galaxy Z Flip8, shuningdek, Galaxy Watch9 va Galaxy Watch Ultra2 aqlli soatlari shular jumlasidan. Asosiy yangilik Samsung allaqachon “yangi shaklni ochish” iborasi bilan tizer qilayotgan ichki ekranning odatiy nisbatlariga ega yangi keng Galaxy Z Fold8 bo‘lishi mumkin.
Yangi qurilmalar haqida nimalar ma’lum?

Galaxy Z Fold8 Ultra — Samsungʻning buklanuvchi flagman smartfoni bo‘lib, nomida Ultra qo‘shimchasini olishi va avvalgi modelga qaraganda biroz qalinroq korpusga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorni joylashtirish imkonini beradi. Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 prosessori, 200 MP asosiy kamera, S Pen qo‘llovi va ichki displeyidagi deyarli bilinmaydigan bukilish izi bilan taqdim etilishi, shuningdek, 256 GB, 512 GB va 1 TB ichki xotira variantlarida sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Galaxy Z Fold8 — smartfonning oddiy talqini ilk bor kengroq tashqi displeyga ega bo‘lishi mumkin. Qurilma 7,6 dyuymli ichki va 5,5 dyuymli tashqi ekran, Snapdragon 8 Elite Gen 5 prosessori, 4800 mA/soat sig‘imli akkumulyator hamda 50 MP asosiy modulli qo‘sh kamera bilan jihozlanishi kutilmoqda. Dizayn jihatidan esa sakkizinchi avlod buklanuvchi Samsung Apple bir necha oy o‘tib taqdim etishi mumkin bo‘lgan ilk buklanuvchi iPhone’ga o‘xshash bo‘lishi aytilmoqda.

Galaxy Z Flip8 — smartfon tashqi ko‘rinishi jihatidan Flip7 bilan deyarli bir xil bo‘ladi. U avvalgi dizaynini saqlab qolgan holda, zamonaviyroq prosessor, yangilangan kamera va yaxshilangan avtonom ishlash vaqtiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Galaxy Watch9 — aqlli soatning asosiy talqini 40 mm va 44 mm o‘lchamlarda taqdim etiladi. Qurilma yangi prosessor, salomatlikni kuzatishning takomillashtirilgan funksiyalari hamda yangilangan korpus dizayniga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Galaxy Watch Ultra2 — flagman aqlli soat mustahkam va himoyalangan korpusini saqlab qoladi. Qurilma yangi chip, yuqoriroq unumdorlik va yangilangan dizaynga ega bo‘lishi kutilmoqda. Ranglar qatoridan esa an’anaviy qora va kumush bilan birga yangi ko‘k rangli talqin ham o‘rin olishi mumkin.
Yevropada taxminiy narxlar
Yevropa doʻkonlaridan olingan soʻnggi ma’lumotlarga koʻra, yangi modellar avvalgi avlodga qaraganda qimmatroq boʻladi:
- Galaxy Z Flip8 — 1299 yevrodan boshlab;
- Galaxy Z Fold8 — 1999 yevrodan boshlab;
- Galaxy Z Fold8 Ultra — 2199 yevrodan boshlab;
- Galaxy Watch9 — 409 yevrodan boshlab;
- Galaxy Watch Ultra2 — 749 yevro.
Barcha qurilmalar rasman 22-iyul kuni taqdim etiladi. Oʻsha paytda Samsung turli bozorlar uchun toʻliq texnik xususiyatlar va narxlarni ham ma’lum qiladi.





