Telegram’ga tegishli t.me domeni ishlamay qoldi

Telegram’ga tegishli t.me domen nomi .me domenlari reyestri ma’muriyati tomonidan DNS tizimidan butunlay chiqarib tashlandi. Bu haqda Whois domen ma’lumotlari xizmatida keltirilgan.
Whois xizmatiga ko‘ra, domen haqidagi ma’lumotlar 13-iyul kuni yangilangan. Joriy holati — domen registrator va reyestr darajasida to‘liq bloklangan.
“Kod Durova” Telegram kanalining yozishicha, messenjerning ayrim foydalanuvchilarida havolalar qurilma yoki internet-provayder keshi tufayli hali ham ishlamoqda.
“Brauzerlarda t.me formatidagi Telegram qisqa havolalari ishlamay qolgach, messenjer telegram.me'ga o‘tdi. Endi postlar yoki xabarlarga havolalarni nusxalashda t.me o‘rniga telegram.me ko‘rsatiladi”, — deya ta’kidladi kanal.
Bundan tashqari, Whois ma’lumotlariga ko‘ra, t.me domeni statuslaridan biri serverHold hisoblanadi. ICANN (Internet Corporation for Assigned Names and Numbers) hujjatlariga ko‘ra, ushbu status domen reyestri operatori tomonidan belgilanadi va domen DNS tizimidan chiqarib tashlanganini anglatadi.
“TelegramInfo” Telegram kanalining qayd etishicha, messenjerning mobil va desktop ilovalarida havolalar to‘g‘ri qayta ishlanmoqda va ularga o‘tish muammosiz amalga oshyapti. Tashqi resurslarda vaqtinchalik muqobil sifatida telegram.me havolalaridan foydalanish tavsiya etilgan.