Telegram’ga yangi funksiyalar qo‘shildi: boy matn muharriri, hamjamiyatlar va 350 mln dan ortiq GIF

E’lon qilingan sana· 53
Telegram’ga yangi funksiyalar qo‘shildi: boy matn muharriri, hamjamiyatlar va 350 mln dan ortiq GIF

Telegram navbatdagi yirik yangilanishni taqdim etdi. Unda Premium foydalanuvchilar uchun boy matn muharriri, hamjamiyatlar (Communities), guruhlarda faqat foydalanuvchiga ko‘rinadigan bot xabarlari hamda 350 milliondan ortiq GIF fayllarni qamrab olgan yangi qidiruv tizimi ishga tushirildi.

Boy matn muharriri yordamida endi sarlavhalar, jadvallar, ro‘yxatlar, iqtiboslar, kod bloklari, shuningdek, matn ichiga foto va videolarni joylashtirish mumkin. Muharrir bitta xabarda 32 768 tagacha belgi yuborishni qo‘llab-quvvatlaydi va AI yordamida matn, jadval hamda formulalar yaratish imkonini beradi.

Yangilanish doirasida Telegram’da hamjamiyatlar funksiyasi ham paydo bo‘ldi. U orqali bir nechta guruh, kanal va botni bitta umumiy makonda birlashtirish, foydalanuvchilarga boshqa chatlarga tezkor qo‘shilish hamda ularni yagona bo‘limdan boshqarish imkoniyati yaratiladi.

Guruhlarda botlar endi faqat muayyan foydalanuvchiga ko‘rinadigan vaqtinchalik xabarlarni yubora oladi. Bu AI xulosalari, tasdiqlar, xatoliklar yoki buyruqlar natijalarini boshqa ishtirokchilarga ko‘rsatmaslik imkonini beradi.

Shuningdek, Telegram GIF qidiruv tizimini ham yangiladi. Endi foydalanuvchilar 36 tilda 350 milliondan ortiq GIF orasidan tezkor qidiruvni amalga oshirishi mumkin. Kompaniya qidiruvlar to‘liq maxfiy tarzda bajarilishi va uchinchi tomon xizmatlariga uzatilmasligini ta’kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling