“Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga uchiriladi

“O‘zbekkosmos” agentligi va Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi hamkorligida yaratilgan “Samarkand-2028” giperspektral sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga uchiriladi.
Uchirish Xitoyning Shandun provinsiyasi yaqinidagi dengiz start platformasidan amalga oshiriladi. Raketa bortida “Samarkand-2028” bilan birga “Lampung-1” sun’iy yo‘ldoshi ham bo‘ladi.
“Samarkand-2028” loyihasi “O‘zbekkosmos” va STAR.VISION o‘rtasida imzolangan strategik memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh nomi 2028-yilgi Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) mezbonligi Samarqand shahriga berilgani munosabati bilan tanlangan.
Loyiha doirasida “O‘zbekkosmos” mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh borti uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqqan. U giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini beradi. Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, raketa allaqachon start kemasiga joylashtirilgan va uchirish hududi tomon yo‘l olgan. Hozirda parvozga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida davom etmoqda.

