HONOR robotlashtirilgan kameraga ega Robot Phone smartfonini taqdim etdi

HONOR Robot Phone — mexanik stabilizatorga o‘rnatilgan suriluvchi kameraga ega noodatiy smartfonini taqdim etdi. Avval konsept sifatida namoyish etilgan qurilma endi seriyali mahsulotga aylandi: Xitoyda oldindan buyurtmalar 12-avgustdan boshlangan, rasmiy savdolar esa 18-avgustda boshlanadi.

Yangilikning asosiy xususiyati — korpusga o‘rnatilgan to‘rt o‘qli HONOR Titanium Agile Gimbal mexanik stabilizatori. Kamera avtomatik ravishda burilishi va egilishi, kadrdagi odamni kuzatishi hamda suratga olish vaqtida o‘z holatini o‘zgartirishi mumkin. Mexanizm sekundiga 360° tezlikda harakatlanadi. Kompaniya tizim 100 dan ortiq detalni o‘z ichiga olishi va odatiy mobil stabilizatorlarga qaraganda 65 foiz kamroq joy egallashini ma’lum qilgan.

Asosiy kamera 1/1,28 dyuymli 200 MP sensor va f/1.6 diafragmali obyektivga ega. Ikkinchi 200 MP modul periskopik telefoto kamera bo‘lib, 1/1,4 dyuymli sensor va 2,7 karra optik zoomni qo‘llab-quvvatlaydi. Tizimni 122° ko‘rish burchagiga ega 50 MP ultra keng burchakli kamera to‘ldiradi.
HONOR videotasvirga olish imkoniyatlarini professional kino kameralari ishlab chiqaruvchi ARRI bilan birgalikda ishlab chiqqan. Robot Phone 10 bitli ARRI LogC3, ARRI Wide Gamut 3 va ARRI Looks formatlarida yozishni qo‘llab-quvvatlaydi. Olingan videoni DaVinci Resolve kabi professional dasturlarda qayta ishlash mumkin.

Robotlashtirilgan kamera Tilt Lock, FPV va AI SpinShot kabi bir nechta harakat rejimiga ega. Kuzatuv funksiyasi yoqilganda, u suratga olish, strim yoki videoqo‘ng‘iroq vaqtida odamni avtomatik ravishda kadrda ushlab turadi. Kamerani ovozli buyruqlar va imo-ishoralar yordamida ham boshqarish mumkin.
Robot Phone konsepsiyasining yana bir asosiy qismi — sun’iy intellekt. Smartfonda tasvir, ovoz, imo-ishora va kamera harakatlarini birlashtiruvchi YOYO Robot Mode ishlaydi.

Masalan, telefon suratga olish vaqtida foydalanuvchini o‘zi kuzatib, kamerani kerakli tomonga yo‘naltirishi mumkin. YOYO Auto Execution funksiyasi esa foydalanuvchi buyrug‘i asosida qo‘llab-quvvatlanadigan ilovalar va smartfon sozlamalarida bir nechta amallarni ketma-ket bajaradi. HONOR shuningdek, uchinchi tomon dasturchilari uchun Agent Skills interfeysini ham ochgan.
Shu tariqa Robot Phone shunchaki noodatiy kameraga ega smartfon emas, balki kamera holatini mustaqil tanlay oladigan va ayrim vazifalarni foydalanuvchi o‘rniga bajaradigan “cho‘ntak operatori” bo‘lishga urinmoqda.

Smartfon quyidagi texnik xususiyatlarga ega:
- 6,31 dyuymli LTPO OLED displey, 2640×1216 piksel;
- 1–120 Gts yangilanish chastotasi;
- 6800 nitgacha maksimal yorqinlik;
- Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori;
- 16 GB gacha tezkor va 1 TB gacha doimiy xotira;
- 7060 mA·soat sig‘imli akkumulyator;
- 120 Vt simli va 50 Vt simsiz quvvatlash;
- 9,6 mm qalinlikdagi, 248 gramm og‘irlikdagi korpus.
Robot Phone ikki xil konfiguratsiyada sotuvga chiqariladi:
- 12/512 GB — 9999 yuan (17 738 000 so‘m);
- 16 GB/1 TB — 12 999 yuan (23 060 000 so‘m).

Xitoyda oldindan buyurtmalar 12-avgustda boshlangan, rasmiy savdolar esa 18-avgustdan boshlanadi. Xaridorlar YOYO AI Membership SVIP obunasidan umrbod foydalanish huquqi hamda magnitli taglik, tasma va 120 Vt quvvatlagichni o‘z ichiga olgan aksessuarlar to‘plamiga ega bo‘ladi.