Apple Mac mini va Mac Studioʻni yangiladi: M6 va M5 Ultra chipli yangi modellar narxi 65 mln so‘mgacha bo‘ladi

E’lon qilingan sana· 93
Apple Mac mini va Mac Studioʻni yangiladi: M6 va M5 Ultra chipli yangi modellar narxi 65 mln so‘mgacha bo‘ladi

Apple Mac turkumidagi bir nechta yangi qurilmalarni taqdim etdi. Yangilangan Mac mini M6 va M5 Pro, Mac Studio esa M5 Max va yangi flagman M5 Ultra chiplariga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, kompaniya M6 va M5 Ultra chiplarini ham alohida taqdim etdi.

Chiplar

Asosiy texnologik yangilik — Apple tomonidan 2 nm texnologik jarayonda ishlab chiqarilgan ilk chip M6 bo‘ldi. U 12 yadroli protsessor va 12 yadroli grafik protsessorga ega. Apple ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p oqimli vazifalarda M6 M5’dan 20 foizgacha tezroq, sun’iy intellektga oid grafik vazifalarda esa qariyb 30 foiz unumliroq. Chip 170 GB/s o‘tkazuvchanlikka ega 32 GB gacha yagona xotirani qo‘llab-quvvatlaydi.

M5 Ultra esa yanada kuchliroq. Bu Apple’ning to‘rtta kristalli arxitekturaga ega ilk chipi bo‘lib, ikkita M5 Max UltraFusion texnologiyasi yordamida birlashtirilgan. Maksimal konfiguratsiyada u 36 yadroli CPU va 80 yadroli GPU’ga ega, yagona xotira hajmi esa 512 GB gacha yetadi. Xotira o‘tkazuvchanligi 1,2 TB/s bo‘lib, bu katta til modellarini qurilmaning o‘zida ishga tushirish, jumladan, foydalanish uchun yetarli.

Mac mini

Yangilangan Mac mini 2024-yildan beri ilk bor sezilarli o‘zgarish oldi: endi kompyuter M6 va M5 Pro chiplarida taqdim etiladi. Old panelda ikkita USB-C va quloqchinlar uchun ulagich, orqa panelda esa HDMI, Ethernet hamda M6 versiyasida uchta Thunderbolt 4, M5 Pro versiyasida uchta Thunderbolt 5 porti joylashgan.

M6 uchun 16 yoki 24 GB xotira va 256 yoki 512 GB SSD konfiguratsiyalari mavjud. Buyurtma vaqtida xotirani 32 GB gacha, doimiy xotirani esa 2 TB gacha kengaytirish mumkin. M5 Pro versiyasi 64 GB gacha tezkor xotira va 8 TB gacha SSD’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompyuter Wi-Fi 7, Bluetooth 6 va 2,5 Gbit/s tezlikdagi Ethernet’ga ham ega.

M6 chipli Mac mini narxi 899 dollardan (10 624 000 so‘m), M5 Pro versiyasi esa 1 699 dollardan (20 078 000 so‘m) boshlanadi. Savdolar 22-sentabrda boshlanadi.

Mac Studio

Mac Studio endi M5 Max va M5 Ultra chiplarida taklif etiladi. M5 Max’ning maksimal konfiguratsiyasi 18 yadroli CPU, 40 yadroli GPU va 128 GB gacha xotiraga ega. M5 Ultra esa 36 yadroli CPU, 80 yadroli GPU va 512 GB gacha xotirani qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi Studio 5K va 120 Gts yangilanish chastotasiga ega to‘rttagacha Studio Display XDR monitorini ulash imkonini beradi.

Apple yangi Mac Studio sun’iy intellekt, video va 3D bilan bog‘liq vazifalarda avvalgi modellardan sezilarli darajada tezroq ekanini ma’lum qildi. M5 Ultra bir vaqtning o‘zida 33 tagacha 8K ProRes 422 video oqimi bilan ishlay oladi. Kompyuter PCIe Gen 6 asosidagi SSD, 120 Gbit/s gacha tezlikdagi Thunderbolt 5, Wi-Fi 7 va Bluetooth 6’ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mac Studio narxi M5 Max versiyasi uchun 2 499 dollardan (29 532 000 so‘m), M5 Ultra uchun esa 5 499 dollardan (64 985 000 so‘m) boshlanadi. Oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda, savdolar ham 22-sentabrda boshlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling