ASUS geymerlar uchun noutbuk va periferiyalar bo‘limiga ega chamadonni taqdim etdi

ASUS Republic of Gamers’ning ilk chamadoni — ROG Archer Suitcase 20'ni taqdim etdi. Yangilikni qo‘l yuki sifatida samolyotga olib chiqish mumkin, ichida esa o‘yin jihozlari uchun alohida bo‘limlar mavjud.

Old qismidagi bo‘limga diagonali 16 dyuymgacha bo‘lgan noutbuk joylashadi. Bu yerda quvvat bloki, sichqoncha va klaviatura uchun cho‘ntaklar, shuningdek, quloqchinlar uchun maxsus ilgak ham bor. Texnika joylashtiriladigan barcha bo‘limlar qo‘shimcha himoya bilan ta’minlangan.
Chamadonning asosiy qismi to‘siq bilan ajratilgan va kiyim hamda boshqa buyumlarni mahkamlashga yordam beradigan Y-simon siqish tasmasi bilan jihozlangan.

Korpus Covestro Makrolon polikarbonatidan tayyorlangan. Harakatlanish uchun 360 daraja aylanadigan to‘rtta shovqinsiz Hinomoto Miraclent g‘ildiragi ishlatilgan. Yon tomonlarning yuqori qismida kichik ilgaklar ham bor — ularga sumka yoki soyabon osish mumkin.
Boshqa ROG mahsulotlari kabi chamadon ham qora rangda va Fearless Eye logotipi bilan bezatilgan. Hatto g‘ildiraklarning markaziy qismlaridagi logotip ham harakat vaqtida vertikal holatda qoladi.

Xavfsizlik uchun ikkita qulflash joyiga ega TSA standartiga mos qulf o‘rnatilgan. U bir vaqtning o‘zida asosiy va old bo‘limlarni yopadi.
ASUS hozircha ROG Archer Suitcase 20 savdosi qachondan boshlanishi va uning narxini ma’lum qilmagan.