Beats 360 — almashtiriladigan quloq yostiqchalariga ega to‘liq o‘lchamli quloqchinlar taqdim etildi

Beats kompaniyasi yangi Beats 360 to‘liq o‘lchamli quloqchinlarini taqdim etdi. Kompaniya ularni o‘z tarixidagi eng moslashtiriladigan model deb atamoqda. Asosiy xususiyati — quloq yostiqchalari va bosh tasmasidagi qoplamani mustaqil ravishda almashtirish imkoniyati. Buning uchun turli rang va har xil zichlikdagi materiallardan tayyorlangan almashtiriladigan aksessuarlar mavjud.
Quloqchinlar uch qatlamli diafragma bilan jihozlangan bo‘lib, u baslari ta’kidlangan yanada aniqroq ovoz bilan ta’minlashi kerak. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Beats 360'dagi faol shovqinni bostirish tizimi Beats Studio Proʻdagiga qaraganda 75 foiz samaraliroq. Shuningdek, shaffoflik rejimi va dinamik ekvalayzer ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Qurilmaning avtonom ishlash vaqti 32 soatgacha ekani aytilgan (Beats bu ko‘rsatkich ANC yoqilgan yoki o‘chirilgan holatga tegishlimi, aniqlamagan). Quloqchinlar USB Type-C orqali quvvatlanadi: besh daqiqalik tezkor quvvatlash bir soatgacha musiqa tinglash imkonini beradi.
Quloqchinlarning narxi: 349 dollar (4 130 000 so‘m). Almashtiriladigan aksessuarlar to‘plami esa yana 49 dollar (580 000 so‘m) turadi.