Apple aqlli uy uchun yangi qurilmalarni taqdim etdi

E’lon qilingan sana: · 26
Apple aqlli uy uchun yangi qurilmalarni taqdim etdi

Apple kompaniyasi aqlli uy uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi qurilmani taqdim etdi. Ular orasida HomeView displeyi, A19 chipi bilan jihozlangan yangi Apple TV 4K televizor pristavkasi, yangilangan HomePod mini 2 aqlli karnayi hamda kameralar, videodomofon, aqlli qulf va termostatlardan iborat Home Collection qurilmalari turkumi bor.

HomeView — uy displeyi

HomeView 7 dyuymli Liquid Retina displeyi va A18 chipi bilan jihozlangan. Qurilma aqlli uyni boshqarish, videoqo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, musiqa tinglash va ilovalardan foydalanish imkoniyatlarini birlashtiradi.

Displey Siri AI’ni qo‘llab-quvvatlaydi, oltitagacha foydalanuvchini taniydi va ularning har biri uchun shaxsiylashtirilgan ekranni namoyish etadi. Qurilma orqali aqlli uy jihozlarini boshqarish, uy kameralaridagi tasvirlarni kuzatish, FaceTime, taqvim va “Lokator” ilovalaridan foydalanish mumkin.

HomeView stol ustiga qo‘yiladigan va devorga o‘rnatiladigan versiyalarda ishlab chiqariladi. Narxi — 299 dollar (3 551 000 so‘m). Oldindan buyurtmalar 13-oktyabrda boshlangan, sotuvlar esa 13-noyabrdan boshlanadi.

A19 chipi va Siri AI bilan jihozlangan Apple TV 4K

Yangi Apple TV 4K A19 protsessori va uzoq masofadan ovozni qabul qiluvchi uchta mikrofon bilan jihozlangan. Bu Siri AI’dan pultsiz foydalanish imkonini beradi. Masalan, ovozli yordamchidan filmni uning tavsifi asosida topishni yoki biror serial haqida ma’lumot berishni so‘rash mumkin.

Apple’ning ta’kidlashicha, yangi qurilmaning markaziy protsessori avvalgi avlodga nisbatan 50 foizgacha tezroq ishlaydi, grafik unumdorligi esa ikki baravargacha oshgan. Shuningdek, AV1 dekoderi ham qo‘shilgan. Yangilangan Siri Remote pultini “Lokator” orqali topish mumkin. Apple TV aqlli uyni boshqarish, FaceTime, Apple Arcade xizmatlaridan foydalanish hamda videodomofondan kelgan bildirishnomalarni televizor ekranida ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etadi.

Narxi: 299 dollar (3 551 000 soʻm). Savdo 13-noyabrdan boshlanadi.

HomePod mini 2

HomePod mini 2 avvalgi dizaynini saqlab qolgan, biroq S10 chipi va takomillashtirilgan ovozni qayta ishlash texnologiyasiga ega bo‘lgan. Karnaydan alohida, stereo juftlikda yoki Apple TV 4K bilan birgalikda foydalanish mumkin.

Qurilmaning yuqori qismiga musiqaga mos ravishda o‘zgarib turadigan Sound Glow yoritish tizimi qo‘shilgan. Karnay aqlli uyni boshqarish markazi vazifasini ham bajaradi. Siri AI’ni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati keyinchalik dasturiy yangilanish orqali taqdim etiladi.

Narxi — 149 dollar (1 770 000 so‘m). Sotuvlar 30-oktyabrdan boshlanadi.

Apple Home Collection

Apple, shuningdek, LG Electronics va Schneider Electric kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Home Collection aqlli uy qurilmalari turkumini taqdim etdi. Unga quyidagi qurilmalar kiradi:

  • LG Video Doorbell Wired videodomofoni — 249,95 dollar (2 968 000 so‘m);
  • LG Floodlight Cam tashqi kuzatuv kamerasi — 399,95 dollar (4 750 000 so‘m);
  • LG Outdoor Cam Plug-In tashqi kuzatuv kamerasi — 299,95 dollar (3 562 000 so‘m);
  • LG Indoor Cam Plug-In ichki kuzatuv kamerasi — 199,95 dollar (2 374 000 so‘m);
  • LG Smart Deadbolt Lock aqlli qulfi — 349,95 dollar (4 156 000 so‘m);
  • LG Smart Thermostat termostati — 199,95 dollar (2 374 000 so‘m);
  • Schneider Home Smart Thermostat termostati — 199,95 dollar (2 374 000 so‘m);
  • LG va Schneider Electric harorat datchiklari — 39,95 dollardan (474 000 so‘m).

Barcha qurilmalar “Uy” (Home) ilovasi va Apple ekotizimi bilan integratsiyalashadi. Kameralar 2,5K gacha aniqlikda video yozib olish, odamlar, hayvonlar, avtomobillar va yetkazib berilgan posilkalarni aniqlash imkoniyatiga ega. Aqlli qulf esa egasi mos keluvchi iPhone yoki Apple Watch bilan eshikka yaqinlashganda avtomatik ravishda ochilishi mumkin.

Sotuvlar dekabr oyida boshlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling