Oʻzbekistonda Google Pay tizimi ishga tushirildi

Oʻzbekistonda Google Pay toʻlov xizmati ishga tushirilgani eʼlon qilindi. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining jamoatchilik siyosati va hukumat bilan aloqalar boʻlimi rahbari Martsin Krasuski Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh oʻrtasidagi C5+1 uchrashuv dasturi doirasida Samarqandda raqamli texnologiyalar boʻyicha panel sessiyasida maʼlum qildi.
Google Pay xaridlar uchun bank kartasi oʻrniga smartfon yoki aqlli soat bilan toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Buning uchun shunchaki qoʻllab-quvvatlanadigan bank kartasini Google Wallet’ga qoʻshish va kassada qurilmani kontaktsiz terminalga bosish kifoya.
Xizmat ishga tushirilganda qaysi Oʻzbekiston banklari va kartalari ushbu xizmatni qoʻllab-quvvatlashi hali eʼlon qilinmagan. Markaziy bank avvalroq Google Pay va Apple Pay’ning HUMO va UZCARD toʻlov tizimlari bilan texnik integratsiyasi haqida ma’lum qilgandi.