Apple iPad mini’ni yangiladi: OLED-ekran, A20 Pro chipi va suvdan himoya qilish funksiyasi

Apple kompaniyasi ixcham iPad mini planshetining yangi avlodini taqdim etdi. Qurilma OLED-displey, suv va changdan himoya hamda yangi A20 Pro protsessoriga ega bo‘ldi. Biroq ekranning yangilanish chastotasi 60 Gs darajasida qoldi.
Yupqa ramkalar hisobiga Super Retina XDR displeyining diagonali 8,3 dyuymdan 8,5 dyuymgacha kattalashdi. Ekranning eng yuqori yorqinligi 1200 nitga yetadi. Shuningdek, yorug‘lik aks etishini kamaytirish uchun nanoteksturali qoplamaga ega versiyasi ham mavjud.

Korpusning qalinligi 5,4 mm. Planshet birinchi marta IP67 himoyasiga ega bo‘ldi, bu esa laboratoriya sharoitida bir metrgacha chuqurlikka 30 daqiqagacha suvga botishga bardosh berish imkonini beradi.
Unumdorlik uchun A20 Pro chipi javobgardir, u sun’iy intellekt vazifalari bilan ishlashni tezlashtiradi. Planshet Apple Intelligence bilan ishlaydigan iPadOS 27 da ishlaydi.

12 megapikselli old kamera gorizontal holatda video qo‘ng‘iroqlarni qulaylashtirish uchun korpusning uzun tomoniga ko‘chirildi. 12 megapikselli asosiy kamera soniyasiga 60 kadr tezlikda 4K video yozadi.
IPad mini Apple Pencil Pro va USB-C bilan Apple Pencil’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz ulanishlar uchun N1 chipi javob beradi va mobil versiya C2 modemi bilan jihozlangan.

Oldindan buyurtmalar 28-oktyabrda ochiladi, sotuvlar esa 6-noyabrda boshlanadi. Planshet 128, 256 yoki 512 GB xotira bilan Midnight va Starlight ranglarida taqdim etiladi.
AQSHda narxlar Wi-Fi versiyasi uchun $699 (8 384 000 so‘m) va Wi-Fi+Cellular modeli uchun $849 (10 183 000 so‘m) dan boshlanadi.