“Voyajer-1” Yerdan bir yorug‘lik kuni masofasiga uzoqlashdi

NASA’ning “Voyajer-1” kosmik zondi Yerdan bir yorug‘lik kuni masofasini bosib o‘tdi. Bu radiosignalning qurilmaga yetib borishi uchun roppa-rosa 24 soat, javob signalining Yerga qaytishi uchun esa yana shuncha vaqt kerak bo‘lishini anglatadi.
25 902 068 356 kilometr masofaga 18-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da erishildi. Bu insoniyat tarixida inson tomonidan yaratilgan qurilmaning Yerdan bunchalik uzoqlashgan ilk holatidir. Bir yorug‘lik kuni masofasini bosib o‘tish uchun “Voyajer-1"ga qariyb 50 yil kerak bo‘ldi. Zond 1977-yil 5-sentyabrda uchirilgan bo‘lib, uning tezligi soatiga taxminan 61 ming kilometrni (yoki soniyasiga 17 kilometrni) tashkil etadi.
2012-yilda “Voyajer-1” geliosferani — Quyosh shamoli ta’siri yetib boradigan fazo hududini tark etib, yulduzlararo muhitga chiqdi. NASA hisob-kitoblariga ko‘ra, zond Oort bulutining ichki chegarasiga (Quyosh atrofidagi muzli jismlar joylashgan uzoq hudud) yetib borishi uchun taxminan 300 yil, uni to‘liq kesib o‘tishi uchun esa qariyb 30 ming yil kerak bo‘ladi.
Qurilma yulduzlararo fazo haqidagi ilmiy ma’lumotlarni uzatishda davom etmoqda. Biroq energiya zaxirasi cheklangani sababli NASA uning ayrim uskunalarini bosqichma-bosqich o‘chirib bormoqda.