"Oʻzbekiston - Buyuk Ipak yoʻli durdonasi" Oʻzbekiston-Malayziya turizm forumi boʻlib oʻtdi

E’lon qilingan sana· 144
"Oʻzbekiston - Buyuk Ipak yoʻli durdonasi" Oʻzbekiston-Malayziya turizm forumi boʻlib oʻtdi

2025-yil 3-fevral kuni Malayziyaning Penang shtatida “O‘zbekiston-Malayziya turizm forumi” tantanali ravishda oʻtkazildi.

Mazkur forum ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yangicha biznes imkoniyatlarini yaratish, madaniy almashinuvlarni rivojlantirish va turistik oqimni yanada oshirishga qaratilgan muhim tadbir sifatida qayd etildi.

Forumda Turizm qo‘mitasi rahbariyati, Malayziya hamda Penang shtati hukumatining turizm yo‘nalishi rahbarlari, O‘zbekiston va Malayziyaning turizm sohasidagi mutaxassislar, biznes vakillari ishtirok etdilar. Turizmning zamonaviy tendensiyalariga oid mavzular muhokama qilindi.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev O‘zbekistonning turizm sohasidagi istiqbolli loyihalari va mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash uchun amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida so‘zladi.

“Aslida, O‘zbekiston siz o‘ylagandan ko‘ra ancha yaqin. Malayziya fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz tashrif buyurishlari mumkin. Bundan tashqari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Batik Air” haftasiga 4 marta Kuala-Lumpurdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshiradi. Uchish vaqti atigi 7 soat.

Malayziya ko‘p yillik boy turizm tajribasiga ega. Sizdan o‘rganadigan ko‘p narsalarimiz bor, ayniqsa, smart-turizm, raqamlashtirish hamda infratuzilma va obyektlaringizning yuqori standartlari borasida.

Men O‘zbekistonga o‘z tajribasi va bilimini olib kelib, biz bilan hamkorlik qilishni istagan malayziyalik investorlar, mehmonxona egalari, turoperatorlar, transport kompaniyalari, IT-mutaxassislar, universitet o‘qituvchilari va boshqa ko‘plab soha vakillari bilan ishlab qolishdan mamnun bo‘laman", — deydi Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev.

Penang shtatida bo‘lib o‘tgan forumda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, tarixiy obidalari, madaniy va tabiiy boyliklari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Xorijlik mehmonlar oʻzbekona muhitga yanada shoʻngʻishlari uchun Oʻzbekistondan keltirilgan turli noz-ne'matlar tortiq etildi. Bahriddin Chustiy tomonidan tayyorlangan osh ham taqdim etildi.

Milliy kuylar va raqslar orqali o‘zbek xalqining boy va turfa madaniyati hamda an’analarini aks ettiruvchi madaniy dastur yig‘ilganlarga zavq bag‘ishladi.

Forum doirasida 100dan ortiq turizm biznesi vakillari o‘rtasida “V2V” uchrashuvlari tashkil etildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ekoturizm, madaniy turizm, sog‘lomlashtirish turizmi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish va ularni xalqaro darajada ommalashtirish bo‘yicha qator loyihalar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumotlarga koʻra, 2023-yilda O‘zbekistonga 5 mingga yaqin malayziyalik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshib, 10 mingga yaqin sayyohni tashkil etdi.

Forum doirasida, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada tadbir mehmonlari so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi turizm maskanlari, yangilangan infratuzilmalar va madaniy meros obyektlari bilan tanishdilar.