Jizzaxda yangi "Turizm mahallasi" tashkil etildi

Turizm qo‘mitasi tomonidan Jizzax viloyati G‘allaorol tumanining Uzunbuloq mahallasiga Turizm mahallasi" maqomi berildi.
Tadbirda Uzunbuloq mahallasi raisiga “Turizm mahallasi” maxsus sertifikati topshirildi.
Ma’lumotga koʻra, bugungi kunda Uzunbuloqda 10 dan ortiq oilaviy mehmon uyi, 8 ta hunarmand, 5 ta ovqatlanish shahobchasi, 3 ta savdo markazi faoliyat yuritmoqda.
Ikki nafar mahalliy tadbirkorga oilaviy mehmon uylarini tashkil qilgani uchun sertifikatlar taqdim etildi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasida hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish qildilar, turkompaniyalar tomonidan esa yangi turistik paketlar taqdim etildi.
“Turizm mahallasi"ning tashkil etilishi hududda ichki turizmni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va mahalliy iqtisodiyotga turtki berishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Rejalarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar Forish tumanidagi “Uxum” va Baxmal tumanidagi “Novqa” mahallalariga ham “Turizm mahallasi” maqomi berilishi kutilmoqda.