Goʻsht, goʻsht va yana goʻsht: Boysunda ilk bor "Tandir Fest" oʻtkazildi

E’lon qilingan sana· 100
Goʻsht, goʻsht va yana goʻsht: Boysunda ilk bor "Tandir Fest" oʻtkazildi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida 2−4 may kunlari ilk bor “Tandir Fest” festivali oʻtkazildi. Afisha.uz muharriri ham ushbu mazali va toʻyimli festivalda ishtirok etdi hamda quyida shu haqda soʻz boradi.

Tandir kabob haqida gap ketganda birinchi oʻrinda voha viloyatlari xayolga keladi. Shu sababdan ham ilk “Tandir Fest” aynan Surxondaryo viloyatining soʻlim goʻshalaridan biri boʻlgan Boysun tumanidagi “Boysun bahori” turistik majmuasida oʻtkazildi. Unda viloyatda joylashgan 15 ta hududning stendlari oʻrnatilgan.

Ushbu stendlarda tumanning oʻziga xos diqqatga sazovor joylarining maketlari yaratilgan. Jumladan, festival davomida Boysun tumanining kanyonlarini, Kampirtepa qal’asini, “Sangardak” sharsharasini koʻrish mumkin.

Ushbu festivalda milliy oʻyinlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jarqoʻrgʻon tumani stendi oldida bolalar kurash tushayotganini, qizlar oʻrtasida arqon tortish musobaqasi oʻtkazilganini kuzatish mumkin edi.

Surxondaryo bir qator oʻzbek kurashchilarining Vatani hisoblanadi. Jumladan, 2008-yilda oʻtkazilgan Olimpiada oʻyinlarining dzyudo bahslarida kumush medali sohibi boʻlgan Abdulla Tangriyevning Vatani aynan shu yerdir.

Bundan tashqari, har bir stend oldida sahna yaratilgan boʻlib, baxshilar dostonlar kuyladi, raqqosalar milliy qoʻshiqlarga raqsga tushdi. Shuningdek, milliy choponlar, doʻppilar va boshqa mahsulotlar rastalari ham ishladi.

“Bu festival koʻtarinki ruhda oʻtmoqda. Surxondaryo viloyatining 12 ta tumanidan ishtirokchilar qatnashyapti. Biz ham Oltinsoy tumanidan kelib, ushbu festivalda oʻz tandir kabob taomimizni tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havol etamiz”, — dedi oshpaz Fayzli Shodiyev.

Biz unga ushbu tumanning tandir kabobi boshqa tumanlarning taomlaridan nimasi bilan farq qilishi haqida savol berdik.

“Oltinsoy tumanining tandiri mazasi bilan ajralib turadi. Chunki taom Bobotogʻda giyohlar yeb katta boʻlgan qoʻylardan tayyorlanadi. Shu sababdan goʻsht boshqa tumanlarga qaraganda shirinroq boʻladi”, — deya javob berdi Fayzli Shodiyev.

Ma’lumot uchun, tandir kabob uzoq yillik tarixga ega va koʻchmanchilar tomonidan tayyorlangan. Ushbu taom 1 soat 25 daqiqada tayyor boʻladi. Buning uchun ziravorlar bilan marinadlangan goʻsht tandir ichida, archa oʻtini orqali dimlanadi.

Tushdan keyin tandir kaboblar tayyor boʻlishni boshladi. “Boysun bahori” turistik majmuasiga tashrif buyuruvchilar ham ortdi. Ular uchun taomdan tatib koʻrish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, festival davomida havo sharlari ham osmonga koʻtarildi. Gastronomik turizmni rivojlantirishga katta hissa qoʻshadigan festival 4-maygacha davom etdi va tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatdi.

Press tur Turizm qoʻmitasi tomonidan tashkil etildi.
Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling