Samarqanddagi mashhur 5 ta osh markazi: Manzil, narxlar va kontaktlar

Hamisha ko‘hna va navqiron Samarqand nafaqat tarixiy yodgorliklari, balki zig‘ir oshi bilan ham sayyohlar tiliga tushgan. Ushbu milliy taomni tanovul qilish uchun har yili minglab turistlar mazkur kentga tashrif buyurishi shubhasiz. Afisha.uz Samarqand shahridagi sayyohlar ko‘p boradigan osh markazlarini bir sahifaga jamladi.
Ushbu ro‘yxat 9 yillik tajribaga ega samarqandlik gid Timur Kamolitdinovning tavsiyalari asosida tuzildi.
Timur Kamolitdinov, gid-ekskursovod:
— Sayyohlar kelganida, albatta, yurtimizning asosiy taomlari haqida so‘raydi. Birinchi navbatda, biz doimo palov haqida gapiramiz. Chunki osh O‘zbekistonning barcha nuqtasida mavjud. Har bir shaharning o‘z palovi bo‘lib, u boshqa hududlarnikidan biroz farq qiladi. Turistlarning ayrimlariga Toshkent oshi, ba’zilariga Samarqand palovi yoqadi, agar shirinroq osh xohlashsa, Buxoro palovini ma’qul ko‘rishadi. Palov faqat taom emas, balki o‘zbek xalqining butun an’anasi hisoblanadi. Biz palov bilan tug‘ilamiz, uylanamiz va bu dunyodan o‘tamiz. Osh O‘zbekistondagi eng qadimiy va eng muhim taomlardan biridir.
Super osh (Afradita) markazi
Tajribali oshpaz Olim Hamidov tomonidan asos solingan ushbu osh markaziga kuniga 500 nafar atrofida xo‘randa keladi. 15 yil oldin tashkil etilgan markazda bir kunda ikki qozon samarqandcha zig‘ir oshi qilinadi. Birinchi qozon soat 11:00 da, keyingisi soat 13:00 larda ochiladi.
“Kuniga ikki qozon osh uchun jami 100 kilo guruch, 120 kilo sabzi va 110 kilo go‘sht solaman. Shuningdek, besh xil mahsulot yog‘ini aralashtirib, omuxta sifatida ishlataman. Bu esa oshning juda mazali chiqishida muhim ahamiyatga ega. Palov sayyohlarning ham sevimli taomi hisoblanadi. Bizning osh markaziga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlar kelishadi. Oxirgi paytlar Rossiya, Xitoy, Koreyadan ko‘p turistlar tashrif buyurmoqda”, — deydi oshpaz Olim Hamidov.
Narxi:
Bir kishilik osh (0,5 porsiya) narxi — 50 ming so‘m. Oshga salat, chalob, yarimta non va choy ham qo‘shib beriladi.
Manzil: Samarqand shahri, Orzu Mahmudov ko‘chasi — 6 (lokatsiya)
Murojaat uchun telefon raqami: +998 91‒538‒63‒66, 90 600 36 26
Oshqand osh markazi
Mazkur osh markazi 2024-yilning fevralida ochilgan. Bu yerda haqiqiy samarqandcha zig‘ir oshi tayyorlanadi. Har kuni tushlikka uch qozon osh qilinib, buyurtmaga qarab 120 kilogramgacha guruch damlanadi va soat 15:00 gacha tugaydi. Kechki paytga esa 50 kilo atrofida guruch damlanib, palov 18:00 dan 20:30 ga qadar sotiladi.
Osh markaziga xorijiy sayyohlardan tashqari, o‘zbek shou-biznesi va sport olamining taniqli vakillari ham xo‘randa sifatida tez-tez tashrif buyuradi.
Narxi:
Bir kishilik osh (0,5 porsiya) narxi — 45 ming so‘m.
Manzil: Samarqand shahri, Zarafshon shohko‘chasi, 16-uy (lokatsiya)
Mo‘ljal: Behruz med servis
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 91−553−3331, (+998) 93−350−0011.
Samarqand osh markazi №1
2009-yildan beri faoliyat yuritadigan markazda ikki xil palov: samarqandcha zig‘ir osh hamda samarqandcha qo‘y go‘shtli osh qilinadi. Bir kunda 3 qozon palov tayyorlanadi. Kuniga 400−500 nafar odam keladi.
Narxlari:
Bir kishilik zig‘ir osh (0,5 porsiya) narxi — 40 ming
Bir kishilik qo‘y go‘shtli osh (0,5 porsiya) narxi — 42 ming so‘m.
Manzil: Samarqand shahri, Ibn Sino — 12 (lokatsiya)
Murojaat uchun telefon raqami: +998 93 348 00 21, +998 93 330 21 00
Joni osh
Ushbu osh markazi 12 yildan buyon faoliyat yuritadi. Bugungi kunda uning 6 ta filiali mavjud: Samarqand shahrida 4 ta, Tojikistonda 2 ta. Barcha filiallarda faqat samarqandcha zig‘ir oshi tayyorlanadi.
Konigil hamda 8-mart filiallari kechki soat 21:00 gacha faoliyat yuritadi. Qolgan filiallarda esa qozon soat 11:00 hamda 13:00 da ochiladi, palov bir necha soat ichida sotib bo‘linadi.
Narxi:
Bir kishilik osh (0,5 porsiya) narxi — 45 ming so‘m.
Bir porsiyasi 85 ming so‘m.
Manzil: Samarqand shahri, Geofizika Grand Sultan (lokatsiya)
Murojaat uchun telefon raqami: +99897 030 00 05
Mahalla osh markazi
Xo‘randalarning sevimli maskaniga aylangan ushbu osh markazi 2023-yilda tashkil qilingan. Bu yerda har kuni 3 qozon samarqandcha zig‘ir osh qilinadi. Osh tanovul qilish uchun kuniga 200dan ortiq kishi tashrif buyuradi.
Narxi:
1 porsiya osh narxi — 90 ming so‘m. Choy va non ham qo‘shib beriladi.
Manzil: Samarqand shahri, Navoiy shoh ko‘chasi — 16 (lokatsiya)
Murojaat uchun telefon raqami: +998 91 352 9999
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.
