Parda ortidagi Buxoro: an’anaviy yo‘nalishlardan tashqaridagi 10 ta muzey manzili

E’lon qilingan sana· 103
Parda ortidagi Buxoro: an’anaviy yo‘nalishlardan tashqaridagi 10 ta muzey manzili

Buxoro faqatgina mashhur Minorai Kalon va ulug‘vor Ark qal’asidan iborat emas. Qadimiy shaharning salobatli peshtoqlari ortida yanada ko‘proq ma’no yashiringan: Buxoro o‘z ruhini ko‘plab muzeylar devorlarida asrab-avaylab kelmoqda.

Afisha tahririyati Buxoroning mashhur diqqatga sazovor joylari soyasida qolib ketadigan o‘nta shunday makon — muzeylar haqida so‘zlab beradi. Ishonchimiz komilki, ular ham alohida e’tiborga loyiq.


Buxoro viloyat o‘lkashunoslik muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi — hududning tarixi, madaniyati va san’atiga oid eksponatlarni o‘zida jamlagan asosiy muzey bo‘lib, u 1922-yilda tashkil etilgan, 1945-yildan buyon Ark qal’asi ichida faoliyat yuritadi.

Bu muzey Buxoroga kelgan har qanday mehmon uchun nafaqat bilim beradi, balki qal’ada joylashgani bois ham arxitekturaviy, ham tarixiy qimmatliklarni bir paytning o‘zida taqdim etadi.

Muzeydagi asosiy ekspozitsiyalar bir necha muhim yo‘nalishni qamrab oladi. Masalan, arxeologiya bo‘limida qadimgi sug‘d va Buxoro hududlaridan topilgan artefaktlar, bronza davriga oid topilmalar, qadimiy tangalar, turli yozuvlar va madaniy vositalar namoyish etiladi.

Numizmatika to‘plamlari orqali mintaqaning iqtisodiy va siyosiy tarixi bilan yaqindan tanishish mumkin. Shu bilan birga, muzeyda mahalliy ustalarning ishlari, qadimiy qurollar, suratlar va hujjatlar ham namoyish etiladi.

Muzeyda xalq hunarmandchiligiga alohida e’tibor qaratilgan. Atlas va adras matolari, zardo‘zlik bilan bezatilgan to‘nlar, kulolchilik san’atiga oid buyumlarning katta qismi mahalliy ustalar tomonidan tayyorlangan va bugungi kungacha o‘z holatini saqlab kelmoqda. Ayniqsa, Buxoro zardo‘zlik maktabining o‘ziga xos uslubi hamisha mehmonlar diqqatini tortib keladi.

Manzil: Abu Hafs Kabir ko‘chasi, 2-uy (Ark qal’asi).

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 10 000 so‘m;
  • talabalarga 8000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 60 000 so‘m.

Mazkur muzeyda qo‘shimcha ekskursiya xizmati ham bo‘lib, narxlar quyidagicha:

  • o‘zbek tilida — 70 000 so‘m.
  • rus, ingliz, tojik va boshqa tillarida — 120 000 so‘m.

Sitorai Mohi Xosa xalq amaliy bezak san’ati muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Sitorai Mohi Xosa — nafaqat Buxoroning, balki butun O‘rta Osiyoning eng nozik arxitektura yodgorliklaridan biri. Ushbu saroy amir Said Olimxonning yozgi qarorgohi sifatida XX asr boshlarida barpo etilgan va bugungi kunda xalq amaliy bezak san’ati muzeyi sifatida faoliyat yuritadi.

Saroy nomi “Sitorai Mohi Xosa” — “Alohida yulduz va oy” degan ma’noni anglatadi. U amirning yorqin sevgi xotirasi bilan bog‘liq bo‘lib, romantik mazmunga ega. Bu yerdagi har bir burchak, har bir naqsh, har bir oyna ortida yuksak san’at, nafosat yotadi, deyish mumkin.

Saroyda sharq va g‘arb me’morchiligi ustalik bilan uyg‘unlashtirilgan. Bir tomondan — Buxoro an’anaviy hunarmandchilik uslubi: ganchkorlik, naqqoshlik, zardo‘zlik. Ikkinchi tomondan — Yevropaning rustik uslubidagi mebellar, oynali zallar va pardalar. Amir shu orqali yangi zamon ruhini qadimiy an’analar bilan ohangdor tarzda uyg‘unlashtirmoqchi bo‘lgan.

Muzeyda XIX-XX asrlarga oid asl buyumlar — qimmatli zardo‘z to‘nlar, kulolchilik va zargarlik asarlari, xitoy va yapon farforlari, amirlik davri mebellari va fotosuratlar namoyish etiladi. Bu buyumlar orqali nafaqat saroy hayoti, balki o‘sha davr Buxorosining madaniy yuzi namoyon bo‘ladi, desak, adashmaymiz.

Saroyning atrofida bog‘, hovuz va ayvonlar joylashgan. Umuman olganda, bu maskan kontentingiz uchun juda go‘zal joy hisoblanadi.

Manzil: Mohi Xosa shoh ko‘chasi, 47-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 10 000 so‘m;
  • talabalarga 8000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 60 000 so‘m.

Bu muzeyda ham qo‘shimcha ekskursiya xizmati bor va narxlar quyidagicha:

  • o‘zbek tilida — 70 000 so‘m.
  • rus, ingliz, tojik va boshqa tillarida — 120 000 so‘m.

Imom al-Buxoriy memorial muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Imom al-Buxoriy memorial muzeyi shahar istirohat bog‘ida joylashgan va u buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan muzeydir. U 2001-yili Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibida tashkil etilgan bo‘lib, me’moriy loyihasi buxorolik arxitektor Zoyirshoh Qilichev tomonidan ishlab chiqilgan.

Ikki qavatli inshoot zamonaviy va qadimiy sharq me’morchiligini uyg‘unlashtirgan holda qurilgan. U tashrif buyuruvchilarga Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati haqida batafsil ma’lumot beradi.

Muzey ekspozitsiyasida Imom al-Buxoriyning hayoti, safarlari, ilmiy merosi va uning “Sahih al-Buxoriy” asariga oid ma’lumotlar namoyish etilgan. Bu yerdan, qolaversa, islom dini va hadis ilmiga oid turli qo‘lyozmalar, kitoblar va boshqa tarixiy artefaktlar o‘rin olgan.

Manzil: Pistashikanon ko‘chasi, istirohat bog‘i.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 20 000 so‘m.

Buxoro tasviriy san’at muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

1982-yilda tashkil etilgan bu muzeyning asosiy ekspozitsiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi tasviriy san’at galereyasi va Buxoro qadimiy zargarlik san’ati ko‘rgazmasidan iborat. Unda 1000 dan ortiq tasviriy san’at, grafika, haykaltaroshlik va miniatyura asarlari saqlanadi.

Galereyada 1932-yildan boshlab to‘plangan asarlar, xususan, Pavel Benkov, Karim Karoxon, Mixail Kurzin va O‘rol Tansiqboyev kabi rassomlarning asarlari mavjud.

Bu muzey Buxoroning boy madaniy merosini o‘rganish va qadrlash uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Agar siz tasviriy san’atga qiziqsangiz, bu muzeyga albatta borishingiz kerak.

Manzil: Bahouddin Naqshband shoh ko‘chasi, 41-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 20 000 so‘m.

Buxoro gilamlar muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Muzey 1991-yili Buxoro shahrining markazida joylashgan qadimiy Mag‘oki Attor masjidida ochilgan. Bu masjidning o‘zi ham IX-X asrlarga oid bo‘lib, o‘z tarixida zardushtiy ibodatxonasi, arablardan oldingi davrda esa bozor va turli madaniy markaz vazifasini o‘tagani aytiladi.

Muzey ekspozitsiyasida XVIII-XX asrlarga oid O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston va Armaniston kabi mamlakatlardan kelgan gilam va gilamchalar hamda boshqa xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etiladi. Ular qo‘lda tikilgan bo‘lib, har bir ornament o‘z xalqining madaniy va ma’naviy dunyoqarashini aks ettiradi.

Muzeyning joylashuvi ham uning ahamiyatini oshiradi. Mag‘oki Attor masjidi Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan bo‘lib, u YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Manzil: Mehtar Anbar ko‘chasi.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 20 000 so‘m.

Buxoro xattotlik san’ati tarixi muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Ushbu muzey 2013-yil 17-may Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Buxoro shahridagi Ulug‘bek madrasasida ochilgan. Muzeyning asosiy maqsadi — Buxoro xattotlik maktabiga xos bo‘lgan nodir asarlarni jamlash, saqlash va keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat.

Muzey ekspozitsiyasida 5985 ta eksponat mavjud bo‘lib, ular orasida 1743 ta qo‘lyozma, litografiya va bosma kitob, 3570 ta qo‘lda yozilgan hujjatlar o‘rin olgan. Bu asarlar orqali Buxoro xattotlik san’atining rivojlanish bosqichlari, uslubiy xususiyatlari va tarixiy ahamiyatini ko‘rish mumkin.

Manzil: Xo‘ja Nurobod ko‘chasi, 29-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 20 000 so‘m.

Qadimgi Varaxsha va kulolchilik san’ati tarixi muzeyi

  • false
  • false
  • false

Bu muzeyda siz qadimgi Varaxsha shaharchasining arxeologik topilmalari va xalq amaliy san’ati namunalarini tomosha qilishingiz mumkin. Muzey 1995-yili Buxoro shahridagi XIX asrga oid Ibrohim Oxund madrasasida tashkil etilgan.

Muzey ekspozitsiyasida Varaxsha arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar natijasida topilgan keramika, metall va tosh buyumlar, shuningdek, Varaxsha saroyining ayvon qismini bezatgan ganch naqshlar namoyish etib kelinadi.

Manzil: Bahouddin Naqshband shoh ko‘chasi, Labi Hovuz majmuasi.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 20 000 so‘m.

Buxoro suv ta’minoti tarixi muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Buxoro suv ta’minoti tarixi muzeyi — bu nafaqat tarixiy eksponatlar to‘plami, balki Buxoro xalqining suv bilan bog‘liq ko‘p asrlik tajribasi, muhandislik yondashuvlari va madaniy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan noyob maskan.

Muzey 1991-yilda Chashmai Ayub maqbarasida ochilgan. Bu maqbara Amir Temur davrida, 1379−1380-yillarda qurilgan bo‘lib, o‘zining muqaddas buloq suvi bilan mashhur. Muzey ekspozitsiyasi X asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda Buxoro hududida suv ta’minoti tizimining rivojlanishiga oid eksponatlarni o‘z ichiga oladi.

Bu yerda charm suv idishlari, sopol suv quvurlari, mis idishlar va boshqa ko‘plab tarixiy buyumlarni ko‘rish mumkin. Ushbu eksponatlar orqali o‘tmishdagi suv ta’minoti usullari, texnologiyalari va xalqning hayot tarzi haqida tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘lasiz.

Manzil: Pistashikanon ko‘chasi, istirohat bog‘i.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m, xorijliklarga 20 000 so‘m.

Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Shaharning sershovqin Abdulla To‘qay ko‘chasida joylashgan Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi XX asr boshidagi Buxoro ziyolilarining hayotini, butun bir davrning ma’naviy va madaniy qiyofasini o‘zida mujassam etgan majmua hisoblanadi.

Ushbu hovlida 1896-yili dunyoga kelgan Fayzulla Xo‘jayev keyinchalik Buxoro Xalq jumhuriyatining rahbari, so‘ngra O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining birinchi rahbarlaridan biri bo‘ladi. Zamonasining murakkab siyosiy kurashlari nafaqat uning hayotida, balki bu hovlining har bir g‘ishtida, har bir naqshida aks etgandek tuyuladi.

Uy o‘zining me’moriy yechimi bilan ham diqqatga sazovor. U XIX asr oxirida Xo‘jayevning boy savdogar otasi — Ubaydullo Xo‘ja Qosim Xo‘jayev tomonidan qurilgan. Uy ikki qismdan iborat: “havlii berun” (erkaklar hovlisi) va “havlii darun” (ayollar hovlisi). Ganch o‘ymakorligi, bezakli yog‘och ustunlar, devorlardagi qadimiy naqshlar alohida e’tiboringizni tortmay qo‘ymaydi.

Muzeyda 500 dan ziyod tarixiy eksponatlar namoyish etiladi. Ular orasida Xo‘jayevning shaxsiy buyumlari, siyosiy faoliyatiga oid hujjatlar, suratlar, shuningdek, Buxoro savdogarlarining turmush tarzi va urf-odatlarini yorituvchi buyumlar bor.

Manzil: Abdulla To‘qay ko‘chasi, 70-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish:

  • kattalarga 5000 so‘m;
  • talabalarga 5000 so‘m;
  • o‘quvchilarga 2000 so‘m;
  • xorijliklarga 30 000 so‘m.

Mutal Burxonov uy-muzeyi

  • false
  • false
  • false
  • false

O‘zbek milliy musiqa san’atining yirik namoyondalaridan biri va davlat madhiyasi musiqasining muallifi Mutal Burxonov xotirasiga bag‘ishlangan muzey 2018-yilda tashkil etilgan. U ijodkor hayotining so‘nggi yillarida, 1997−2002-yillarda yashagan uyi hisoblanadi. Bu uyda bastakorning shaxsiy buyumlari, musiqa asboblari, fotosuratlar va turli hujjatlar saqlanadi.

Qolaversa, muzeyda O‘zbekiston davlat madhiyasining notalardagi nusxasi, bastakorning ushbu asarni yaratish jarayoniga oid ma’lumotlar va boshqa tarixiy hujjatlarni topish mumkin.

Manzil: Bahouddin Naqshband shoh ko‘chasi, 182/1-uy

2-xonadon.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish bepul.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling