Samarqandning sharqona qalbi: Siyob bozori boʻylab sayr

Sharq bozori shunchaki xarid qilish joyi emas, balki ziravorlarning muattar hidi, odamlarning jonli ovozlari va qadimiylik ruhi uyg‘unlashgan haqiqiy jonli teatrdir. Samarqandning eng qadimiy va rang-barang bozorlaridan biri bo‘lgan Siyob bozori bir paytlar Buyuk Ipak yo‘li karvonlari o‘tadigan maskan bo‘lgan.
Bugungi kunda u shahar hayotining ajralmas qismi boʻlib qolmoqda va Sharqning haqiqiy atmosferasini boshdan kechirishni istagan har bir kishi tashrif buyurishi kerak boʻlgan bekat.
Siyob bozori Samarqandning qoq markazida, afsonaviy Bibixonim masjididan piyoda masofada joylashgan. Uning yonidan yana bir muqaddas maskan Hazrati Xizr masjidi qad ko‘tarib, hududga o‘zgacha ma’naviy aura baxsh etadi. Bozorning koʻlami hayratlanarli: uning hududi besh gektardan ortiq maydonni egallaydi.
Bosh darvoza uch ravoqli ulug‘vor inshoot bo‘lib, to‘q ko‘k ranglardagi an’anaviy o‘zbek naqshlari bilan bezatilgan. Bu yerda savdo-sotiq keng soyabonlar ostida olib boriladi. Ular yozning jazirama issig‘ida va yilning sovuq kunlarida xaridorlarni noqulay ob-havodan himoya qiladi.
Siyob bozori butun mamlakatdagi fermerlarning tabiiy mahsulotlarini topish mumkin bo‘lgan eng mashhur joylardan biri hisoblanadi. Assortimentning asosini yer ne’matlari tashkil etadi — o‘zbek dalalarida mehr bilan yetishtirilgan shirin-shakar qovunlar, xushbo‘y mevalar, yangi uzilgan sabzavotlar. Bu yerda har bir mahsulotning o‘z o‘rni bor: rastalar sut mahsulotlaridan tortib yong‘oq va quruq mevalargacha bo‘lgan toifalar bo‘yicha tartibli joylashtirilgan. Ayniqsa, bu yerdagi shirinliklar juda qadrlanadi: sotuvchilarning aytishicha, ular uchun hatto Toshkentdan ham kelishadi. Peshtaxtalar tanish ziravorlardan tortib eng noyoblarigacha to‘lib-toshgan, ular havoni nafis sharqona hidlar bilan to‘ldiradi. Bundan tashqari, bu yerda xalq hunarmandlarining buyumlari — idish-tovoqlar, gazlamalar, taqinchoqlar va ustaning qo‘llari mehri singgan suvenirlarni topish mumkin.
Tong yorishishi bilanoq bu yerda qizg‘in savdo-sotiq boshlanib ketadi, bozor esa faqat tun cho‘kkandagina tinchiydi. Siyob bozori o‘ziga xos maromda yashaydi — go‘yo shahar bilan hamohang nafas olayotgandek.
Naqshinkor ravoqdan o‘tishingiz bilanoq, o‘zingizni boshqa olamda his etasiz: ko‘zni quvnatuvchi ranglar, serob meva-sabzavotlar, xushbo‘y ziravorlar va tinmay guvullayotgan ovozlar bir zumda barcha sezgilaringizni qamrab oladi. Atrofdagi hamma narsa go‘yo jonlanib, oddiy xarid qilishni haqiqiy sharqona sarguzashtga aylantiradi.
Siyob bozoridagi non rastalariga albatta kirib ko‘rish lozim — bu ko‘z va qorin uchun haqiqiy bayramdir. Bu yerda yumshoq, qizg‘ish patirlar saranjom taxlanib, atrofni yangi pishgan nonlarning yoqimli hidi qamrab olgan. Samarqand noni shunchaki taom emas, balki madaniy merosning ajralmas qismidir. Mahalliy novvoylar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy retseptlarni ehtiyotlab saqlaydilar. Sotuvda o‘n yettidan ortiq turdagi nonlarni topish mumkin — oddiy turlaridan tortib, murakkab naqshlar bilan bezatilgan va ustiga kunjut sepilgan patirlarigacha.
Siyob bozori nafaqat savdo markazi, balki Samarqandning chinakam jonli solnomasi hamdir. Mahalliy aholi so‘nggi yangiliklarni baham ko‘rishni, shahardagi voqealarni muhokama qilishni va hatto rastalar orasida bemalol suhbatlashishni yoqtiradi. O‘zbeklar tabiatan ochiqko‘ngil va mehmondo‘st xalq bo‘lgani bois, bu yerda hatto ilk bor ko‘rgan odam bilan ham gaplashib ketish oson. Shunday ekan, xarid qilishga kelgan kishi nafaqat savatchasini to‘ldiradi, balki bugun shahar qanday nafas olayotganini ham bilib olishi mumkin.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan.
