Turizm qo‘mitasining stendi Eco Expo Central Asia ko‘rgazmasida eng interaktiv deb topildi

Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasida, 19−21-iyun kunlari Toshkentdagi Central Asian Expo (CAEx) majmuasida Turizm qo‘mitasi o‘zining yorqin va interaktiv stendi bilan ajralib turdi.
Taqdimotlar, mahorat darslari, interfaol ekspozitsiyalar hamda milliy madaniy unsurlarni zamonaviy ekologik innovatsiyalar bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgani uchun ushbu stend “Eng interaktiv pavilon” nominatsiyasi bo‘yicha e’tirof etildi.
Ko‘rgazma davomida milliy an’analar va ilg‘or texnologiyalar uyg‘unligiga asoslangan ekologik turizm yo‘nalishlari keng namoyish etildi.
2000 ga yaqin tashrif buyuruvchi e’tiborini tortgan ekspozitsiyada virtual ekomarshrutlar, kulolchilik hamda gilam to‘qish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashrif buyuruvchilarga mintaqaning boy madaniy merosini chuqurroq anglash imkonini berdi.
Shuningdek, stend doirasida yetakchi universitetlar va tashkilotlar ishtirokida ekspert sessiyalari tashkil etildi. Uchrashuvlarda turizmni raqamlashtirish, ekologik standartlarni joriy etish va mahalliy hamjamiyatlar salohiyatini oshirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.