Parkent tumanida Koreya andozalari asosida “Chashma” etnik qishlog‘i tashkil etildi

Toshkent viloyatining Parkent tumanida Janubiy Koreyaning “Andong Xahve” folklor qishlog‘i namunasida tashkil etilgan “Chashma” etnoqishlog‘i rasman ochildi. Loyiha Koreya standartlari asosida amalga oshirilib, mintaqada etno va eko turizmni rivojlantirishga qaratilgan.
Etnoqishloq yaratish g‘oyasi 2022-yilda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida tug‘ilgan. Viloyat rahbari mashhur “Andong Xahve” qishlog‘iga tashrif buyurgach, O‘zbekistonda ham shunday obyekt tashkil etishni taklif qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Loyihaning maqsadi Parkent tumanining tabiiy landshafti va madaniy merosini saqlab qolish, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilishdan iborat. Bugunning o‘zidayoq “Chashma” etnoqishlog‘i mamlakatning turistik xaritasida yangi jozibador nuqtaga aylandi.
Ochilish marosimida tomoshabinlar folklor ansambllari chiqishlari, milliy liboslar defilesi va tasviriy san’at ko‘rgazmasining guvohi boʻldi.
Infotur doirasida mehmonlar “Family Resort” mehmonxonasiga tashrif buyurib, “Kumushkon” dam olish maskanidagi turizm infratuzilmasi, jumladan, Oltin bel tog‘idagi eko-mehmonxonalar, kurort zonalari va motellar qurilishi bilan tanishdi.
Tadbirning faxriy mehmonlari orasida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat, turizm va ta’lim masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Xong Ji Yong, shuningdek, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari boʻldi.