Jizzax viloyatida plyaj turizmiga asoslangan yirik dam olish maskani barpo etiladi

Milliy bank (NBU) boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov ma’lum qilishicha, Jizzax viloyatidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida zamonaviy turistik klaster barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda Aydarko‘lga dam oluvchilar tashkillanmagan holda o‘zlari keladi va bu yerda kuniga 2 mingga yaqin odam bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqishda xorijiy, jumladan, Yevropa tajribasi o‘rganilgan boʻlib, 5 gektar maydonda cho‘milish va quyoshda toblanish zonalari qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ko‘l sohilida shifobaxsh balchiqlar ham bo‘ladi. Ular negizida 210 o‘ringa mo‘ljallangan yil davomida xizmat qiladigan sanatoriy quriladi. Bundan tashqari, 110 o‘rinli (har bir xonada 2−4 kishi) kapsulali mehmonxonalar, 2−8 kishiga mo‘ljallangan yanada arzon xonalar boʻlishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, sayyohlar uchun faol dam olish imkoniyati: transport vositalarida cho‘lda sayr qilish, karting, o‘yin maydonchalari, plyaj voleyboli va futbol mavjud bo‘ladi.
“Bir necha yildan keyin Antaliya qirg‘oqlarida yaratilgan plyaj turizmi maskanlari yoki Dubaydagi yoxud boshqa o‘sha dengiz bo‘yidagidan hech qolishmaydigan bir yirik turistik majmuaga ega bo‘lamiz”, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.