Toshkentdan Buxoro va Xorazmgacha sayohat yanada qulaylashdi: Samarqandda zamonaviy avtovokzal ochildi

Samarqandda 12 million dollarlik yirik loyiha — yangi zamonaviy avtovokzal ishga tushrildi . Inshoot Cho‘pon ota tepaligida joylashgan bo‘lib, samarqandliklar uchun ham, toshkentlik yo‘lovchilar uchun ham transport infratuzilmasining muhim bir qismiga aylandi.
Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil avtomobilni qabul qilishga mo‘ljallangan. U orqali nafaqat Toshkentga boruvchi yo‘nalishlar, balki qarama-qarshi yo‘nalishda ham — Toshkentdan Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryoga qatnovchi avtobuslar ham endi shu yerda to‘xtaydi.
Yo‘lovchilar uchun keng kutish zali, tibbiyot xonasi, elektron jadvallar, bolalar maydonchasi, ona va bola xonasi, haydovchilar uchun qulay dam olish joylari mavjud. Binoda harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun panduslar va maxsus yo‘laklar o‘rnatilgan, xavfsizlik 24 soatlik videokuzatuv bilan ta’minlangan.
Avtovokzal hududida 120 doʻkon, 3 ta restoran, 14 ta xizmat koʻrsatish shoxobchasi, avtosalon va ikkita mehmonxona mavjud. Obyektning ishga tushirilishi tufayli 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi.