Samarqandda piyodalar uchun yagona turistik marshrut yaratiladi

Samarqand shahrida piyodalar uchun yagona turistik marshrut yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Saida Mirziyoyeva bilan yonma-yon. Missiya” dasturining 9-qismida gap boradi.

Videodan skrinshot
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqandda oʻtayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ishtirok etgan. Mirziyoyeva orada dastur uchun maxsus intervyu bergan va Samarqand boʻyicha rejalar bilan oʻrtoqlashgan.
“Hali rejalarimiz juda ham koʻp. “Goʻri Amir"dan boshlab, Registon, Shohi Zinda… — yagona turistik marshrut qilmoqchimiz”, — deydi u. U bunga misol qilib Buxorodagi biyenalle uchun qilingan turistik piyoda marshrutini misol qilib keltirgan.
Taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, bu salkam 3 kmli marshut boʻladi. Agar u Goʻri Amirdan boshlanib, Shohi Zindada yakunlanadigan boʻlsa, oʻrtada Registon maydoni (Ulugʻbek, Tillakori va Sherdor madrasalari), Bibixonim madrasasi va Hazrati Hizr masjidi ham kiradi. Ammo bu yakuniy tasdiqlangan marshrut emas.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi qator me’moriy yodgorliklarida olib borilgan ishlar haqida gapirib, Ulugʻbek madrasasi, Tillakori madrasasi va Goʻri Amir maqbarasida doimiy muzey ekspozitsiyalarini yangilash ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.
“Bundan maqsad ushbu buyuk, tarixiy va madaniy merosini zamonaviy va chuqur tarzda ochib berish edi. Bu yodgorliklar Temuriylar davrining fan, me’morchilik va ma’rifat gullab-yashnagan davrini aks ettiradi”, — deydi administratsiya rahbari.
Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, butun Registon maydoni restavratsiya qilinadi. “Hali bosqichma-bosqich buutn Registonni restavratsiya qilamiz. Har bir detalda asllikni saqlashga e’tibor qaratilyapti. Peshtoqlarni oʻz holiga qaytardik, ustunlar eskicha — oʻz holatiga qaytarildi”, — deydi u.

Videodan skrinshot
Administratsiya rahbari hali koʻp ishlar qilinishi, jumladan, muzeylar raqamlashtirilishi haqida gapirib, barcha ishlar endi boshlanayotgani, “bundan oldin qancha ishlar boʻlgani, qancha narsalar chiqib ketgani"ni gapirib oʻtgan. Intervyu davomida u ajdodlar oldida ma’suliyat kattaligi, ular Oʻzbekistonga noyob madaniyat, meros tashlab ketganini aytadi. “Biz buni asrab avaylashimiz zarur, menimcha, kelajak avlod uchun”, — deydi u. Shundan soʻng, videoga koʻra, Saida Mirziyoyevaga prezidentdan qoʻngʻiroq boʻlib qolib, “Toshkentga qaytishi kerakligi"ni ma’lum qilgan.