Omonxona qishlog‘i “Eng yaxshi turizm qishloqlari” loyihasi gʻoliblaridan biriga aylandi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘i BMT Turizm tomonidan oʻtkazilgan “Eng yaxshi turizm qishloqlari” (Best tourism villages) loyihasi gʻoliblari qatoridan joy oldi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tanlovga Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropa mintaqalaridagi 65 ta mamlakatdan 270 dan ortiq nomzod qabul qilingan. Omonxona qishlog‘i loyihaning “Rivojlantirish dasturi” (Upgrade Programme)ga kiritilgan.
Ushbu global loyiha turizm qishloqlariga e’tiborni kuchaytirish, kichik qishloqlarning o‘zgacha madaniyati, urf-odati va tabiat go‘zalliklarini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladi.

Omonxona qishlog‘i o‘zining tabiiy manzaralari, shifobaxsh buloqlari, tarixiy yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi hamda mehmondo‘st aholisi bilan mashhur hisoblanadi. Unga O‘zbekistonning turizm qishlog‘i maqomi 2024-yilda berilgan edi.
Ma’lumot uchun, BMT Turizmning “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” tanlovi 2021-yildan beri o‘tkazib kelinadi. Ushbu maqom ekologik va agroturizm sohasida nufuzli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, shu jumladan, madaniy va tabiat qadriyatlarini, organik oziq-ovqat mahsulotlari va hayot tarzini saqlab qolgan qishloqlarga beriladi va dunyo bo‘ylab eng yaxshi turizm qishlog‘i deb tan olinadi.
Avvalroq 2023-yil Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i ham mazkur loyiha boʻyicha e’tirof etilgan edi.