Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

27−29-noyabr kunlari Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” oʻttizinchi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2025) bo‘lib o‘tadi. Tadbir “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan) xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtadi.
Ta’kidlanishicha, yarmarka butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislarini birlashtiradi va ko‘p jihatdan ushbu sohaning barcha vakillari — yetakchi turizm va transport kompaniyalari, yirik mehmonxona tarmoqlari, diplomatik korpuslar, mamlakatdagi ta’lim muassasalari xodimlari, turizm sohasi, shuningdek, MICE turizmi vakillari uchun foydali bo‘ladi.
Yarmarka doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan 300 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etadigan sayyohlik ko‘rgazmasi, 30 dan ortiq mamlakatdan 200 dan ziyod oshpaz bellashadigan mashhur oshpazlar ishtirokidagi gastro-bozor, jurnalistlar, blogerlar va turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha mutaxassislar uchun “Media Campus” interaktiv maydoni tashkil etiladi.
Shuningdek, turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida aviatsiya, ta’lim, ekologiya va ziyorat mavzularida forumlar va sessiyalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, turli mamlakatlardan kelgan xususiy kompaniyalar vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, turizm xizmatlari va hunarmandchilik san’ati ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, TXTY-2025 maydonchasida mahalliy aholi, MDH, Osiyo va Yevropa davlatlaridan keladigan 15 ming nafargacha tashrif buyuruvchi ishtiroki kutilmoqda. Tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi turistik yo‘nalishlar bilan tanishish, turli mamlakatlarning rang-barang madaniyati va an’analarini his qilish, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi sayyohlik maskanlarining salohiyatini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
TXTY-2025 da ishtirok etish uchun titf.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish lozim.
Ishtirokchilar uchun bepul shattlbaslar tashkil qilingan. Toshkentning bir nechta hududidan “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasiga bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Avtobuslar 3 ta bekatdan qat’iy jadval asosida harakatlanadi.

Tashkent City Mall
- Joʻnash: 10:00, 12:00, 14:00;
- Qaytish: 11:00, 13:00, 15:00, 16:00.
“Kayan” biznes majmuasi
- Joʻnash: 10:00, 11:00, 12:00, 13:00, 14:00, 15:00;
- Qaytish: 10:30, 11:30, 12:30, 13:30, 14:30, 15:30, 16:30.
“O‘zbekiston” mehmonxonasi
- Joʻnash: 10:00, 11:00, 12:00, 13:00, 14:00, 15:00;
- Qaytish: 11:30, 12:30, 13:30, 14:30, 15:30, 16:30.