Turistlar Buxorodan ko‘proq nimalar sotib oladi? 4 ta eng asosiy buyum

Buxoroyi sharifga tashrif buyurgan har bir turist Eski shahardagi tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishib, suratga tushish bilan kifoyalanib qolmaydi. U o‘zi yoki yaqinlariga esdalik uchun albatta, biror sovg‘a sotib oladi. Afisha.uz bu ko‘hna shaharga kelgan turistlar ko‘proq nimalarni xarid qilishiga qiziqib, eng ommabop sovg‘alar ro‘yxatini tuzdi.
Choy

Narxi: Kiloli mevali choy — kilosi 140 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha. Maxsus retsept asosida 23 xil giyohdan tayyorlanadigan choy kilosi 200 ming so‘m.
Sayyohlar orasida ziravorlar qatori choy xarid qiluvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Mevali va giyohlardan tayyorlangan choylarga nisbatan talab kattaligi bois har qadamda choy rastalarini uchratish mumkin.

Ikki yildan buyon esa Buxoroda choy biznesi bilan shug‘ullanayotgan Shohmardon Qodirovning aytishicha, uning do‘konida 50 xilga yaqin choy turlari mavjud.
“Tropik mevalar hamda o‘zimizning maxsus retsept asosida 23 xil giyohdan tayyorlanadigan „tog‘ choyi“ ko‘proq sotiladi. Shuningdek, Xitoydan keladigan „jasmin“ nomli choyga ham qiziqib, xarid qiluvchi turistlar ko‘p”, — deydi sotuvchi.
Pichoq

Narxi: Metall va sarflangan mehnatga qarab, 200 ming so‘mdan boshlanadi.
Buxoro pichoqlari — shaharning eng mushhur ramzlaridan biri hisoblanadi. Buxoroyi sharifga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar orasida pichoqchilik hunariga qiziqib, uni sotib oluvchilar ham talaygina.
“Ota-bobolarimiz Buxoro amirligi davridan beri shu hunar bilan shug‘ullanib keladi. Men yettinchi avlod vakiliman. Biz turli xil: titan, damashq po‘lati kabi metallardan pichoqlar yasaymiz. Turistlar qo‘l mehnatini juda qadrlashadi, shu sababli kamdan kam holatlarda narx talashadi. Aksariyati qo‘l ishi mashaqqatli jarayon ekanligini ta’kidlab, mehnatimizni yuqori baholaydi. To‘g‘ri, ular ichida narxiga qiziqib yoki metallning farqiga bormay, arzonroq pichoqlarni sotib oladiganlar ham bor. Ammo ko‘pchiligi qanday materialdan tayyorlanganiga qaraydi. Zanglamaydigan po‘lat metallardan qilingan pichoqlar juda xaridorgir”, — deydi hunarmand Jo‘raboy Ikromov.
Uning ta’kidlashicha, pichoq sopiga ishlangan naqshlar ham sayyohlar e’tiborini tortuvchi asosiy omil hisoblanadi. Haqiqiy san’at asarini eslatuvchi sopli pichoqlar tez sotiladi.
Sharflar

Narxi: 25 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha.
Sayyohlar nafaqat ziyoratgohlarga kirganida o‘rash uchun, balki kundalik hayotda yanada maftunkor bo‘lish niyatida ham sharflar xarid qiladi. Shu sababli Buxoroning ko‘plab nuqtalaridagi savdo rastalarida xilma-xil sharflar sotiladi.

“Turistlar adrasli sharflarni ko‘proq so‘raydi. Chunki paxtadan tayyorlanadi, uzunligi esa ikki metrga yaqin. Bu hunar bilan onam 20 yildan ortiq vaqt shug‘ullangan, endi biz farzandlar davom ettiryapmiz. Mijozlarimizning asosiy qismi Italiya, Fransiya, turkiyalik sayyohlardir”, — deydi sharf sotuvchi Aziz Zaripov.
Buxoroda sharflar tanlovi keng: istagingizga qarab, gulli naqshlar, geometrik shakllar aks etgan yoki adrasli sharflarni topishingiz mumkin.
Magnitlar

Narxi: 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha.
Har bir turist qaysi manzilga sayohat uchun bormasin, o‘sha yerni yodga solib turuvchi magnitlardan bir qancha xarid qilishi shubhasiz. Muzlatgich va shu kabi maishiy texnikalarni bezashda foydalaniladigan magnitlar intererga albatta, o‘zgacha ko‘rinish beradi.

“Magnitlar mayda va esdalik uchun yodda qoladigan narsa bo‘lgani uchun sayyohlar ko‘p so‘raydi. Narxi ham arzon: donasi 15−20 ming soʻm atrofida. Turistlar qo‘lda yasalgan magnitlardan ko‘proq olishadi. Chunki sifatiga ishonishadi. Bir kunda 50 ta, mavsum paytida esa 200 tagacha sotiladi. Naqshlar, Buxoroning tarixiy obidalari aks etgan magnitlarga talab katta”, — deydi sotuvchi Saidbek Rahmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, magnitlarni asosan, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya kabi Yevropa mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar xarid qiladi.
Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.