Donuts and Coffee: Buxorodagi teshikkulcha va qulaylik uyg‘unlashgan joy

E’lon qilingan sana· 35
Donuts and Coffee: Buxorodagi teshikkulcha va qulaylik uyg‘unlashgan joy

Manzil, g‘oya va shaxsiy taassurotlar

Buxoro — tarixiy sokinlik, mehmondo‘stlik va o‘ziga xos gastronomiyaning uyg‘unlashgan shahri. Bu qadimiy makonda turizm oqimi bilan birga yangi, zamonaviy ovqatlanish nuqtalari ham paydo bo‘lib bormoqda. Shunday maskanlardan biri — Donuts and Coffee Bukhara. U yer nafaqat teshikkulchalari bilan mashhur, balki oilaviy boshqaruv, samimiy xizmat va uydek shinam atmosferasi bilan ham ajralib turadi.

Afisha.uz jurnalistlari ushbu kafe bilan yaqindan tanishish uchun Buxoroning tor ko‘chalari orasida joylashgan bu maskanga tashrif buyurdi. Quyida Donuts and Coffee haqidagi batafsil taassurotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Qahvaxonaning joylashuvi va yaratilish tarixi

Kafe Buxoroning tarixiy hududida, ya’ni eski shaharda joylashgan bo‘lib, mehmonlar oqimi asosan ichki turizm va xorijiy sayyohlardan iborat. Donuts and Coffee — bu oddiy biznes emas, oilaviy korxona, uning asoschisi Abdurahmon Abdullayevning aytishicha, loyihaning ildizi pandemiyadan keyin boshlangan.

O‘sha davrda mehmonlar oqimi beqaror bo‘lib qolgan, shu bois ular mehmon uyidagi oldidagi qabulxona qismini kafe sifatida qayta jihozlashgan. Shunday qilib, 2022-yil oxirida Buxoroda ilk ponchik-kafe paydo bo‘lgan.

Abdullayevning aytishicha, tanlov ham tasodifiy bo‘lmagan: chet elliklar Buxoroga kelganda ko‘pincha “bir dona ponchik va qahva” formatini qidirishar ekan. Bu talabni ko‘rib, ular aynan shu yo‘nalishni tanlagan.

Atmosfera va xizmat ko‘rsatish

Qahvaxona kichik, ammo o‘ziga xos atmosfera bilan ajralib turadi. Ichkariga kirganingizda darrov shinamlik, tozalik va mebel tanlovidagi nafislikni sezish mumkin. Bu yer qandaydir ortiqcha shovqin, yuqori musiqa yoki shoshilishsiz — sokin dam olish joyi sifatida yaratilgan.

Xodimlar soni ko‘p emas — aksariyat ishni Abdurahmon va turmush o‘rtog‘i bajarishadi. Yana ikki nafar yordamchi bor. Oilaviy boshqaruv tufayli kafe har kuni bir xil ruhda ishlaydi — muhit iliq, samimiy.

Shu bilan birga, kichik jamoaning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor: ba’zan buyurtmalar aralashib ketishi va kutish vaqti uzayishi mumkin. Ammo mehmonlar buni ko‘pincha iliqlik va uyona muhit evaziga unchalik sezmaydi.

Donuts and Coffee`ning o‘ziga xosligi — sifat va uy sharoitida pishirilgan shirinliklar

Kafening eng asosiy farqi — barcha shirinliklar shu yerning o‘zida va uy sharoitida tayyorlanishi. Har kuni xodimlar birga o‘tirib, pishirilgan mahsulotlarni sinab ko‘rishadi, kamchiliklarini muhokama qilishadi va keyingi partiyada yaxshilashga harakat qilishadi. Bu esa sifatni doimiy nazoratda ushlab turishga yordam beradi.

Qahvaxona egasining so‘zlariga ko‘ra, ular eng yaxshi mahsulotlardan foydalanadi:

  • shokoladlar — Belgiyada ishlab chiqarilgan;
  • mahsulotlar — arzon emas, sifatli variantlar;
  • retseptlar — uyda iste’mol qilinadigandek tayyorlanadi.

Mehmonlar aynan mana shu “uy ta’mi”, sokin atmosfera va sifatning uyg‘unligi sababli qayta-qayta kelishadi.

Mijozlar oqimi va reklama usuli

Aytish kerak, ko‘plab kichik bizneslar singari Donuts and Coffee ham o‘z mijozlariga asosan sarafan — ya’ni “og‘izdan-og‘izga” tarqalgan tavsiyalar orqali ega bo‘lgan.

Abdurahmon reklama berishga bir necha bor harakat qilgan, ammo sezilarli natija bo‘lmagach, bu yo‘ldan voz kechgan. Aksincha, Instagram`dagi oddiy story yoki mehmonning shaxsiy postidan keyin odamlar oqimi ko‘paygan.

Alohida ta’kidlash kerak — Buxoroda bo‘lib o‘tgan biennale paytida kafe aynan xalqaro mehmonlar hisobiga eng yuqori nuqtaga chiqqan.

Kuniga necha mehmon kelishini esa u aniq aytolmaydi: “Hisoblab o‘tirmayman. Ba’zan hech kim kelmaydi, ba’zan juda ko‘p odam bo‘ladi. Men ko‘proq tavakkal qilaman. Rizqni Alloh beradi”, — deydi u.

Kelajakdagi rejalar: filiallar ochiladimi?

Savolning o‘zi juda ko‘p mehmonlarni qiziqtiradi. Kafening mashhurligi sababli filiallar ochish rejasi bormi — degan savolga Abdullayev shunday javob beradi:

“Niyatimiz bor. Lekin hozircha asosiy maqsad — shu joyni yanada ideal holatga yetkazish. Filial ochish — vaqt, jamoa va katta moliya talab qiladi”.

Agar Buxoroga yo‘lingiz tushsa, bir finjon qahva va yangi pishirilgan teshikkulcha uchun bu yerni albatta sinab ko‘ring — sizni samimiy kutib olishadi. Qayta-qayta keladigan mijozga aylanishingiz aniq.

Instagram

Telegram

Telefon: (+998) 93−622−0641.

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Shohruh Haydarov
Fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Donuts and Coffee: Buxorodagi teshikkulcha va qulaylik uyg‘unlashgan joy — Toshkent Afishasi