Buxoroning tarixiy markazida alohida boshqaruv tizimi joriy etiladi

E’lon qilingan sana· 230
Buxoroning tarixiy markazida alohida boshqaruv tizimi joriy etiladi

Buxoroning tarixiy markazida YUNESCO talablari asosida alohida ma’muriy boshqaruv tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu masala 2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz

Ma’lum qilinishicha, Buxoroning tarixiy markazi UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois hududni asrab-avaylash va samarali boshqarish bo‘yicha yangi tizim ishlab chiqiladi.

2026-yilda Buxoro viloyatiga 3,5 million xorijiy va 5,5 million mahalliy sayyohni jalb etish rejalashtirilgan. Natijada umumiy turistlar soni 9 millionga yetkazilishi kutilmoqda. Yil yakuniga qadar 73 ta yangi joylashtirish obyekti ishga tushiriladi, shuningdek, 15 ta yangi turoperator va sayyohlik agentligi faoliyat boshlaydi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hozirda turizm asosan Buxoro shahri bilan cheklanib qolgan, viloyatning boshqa hududlaridagi imkoniyatlar esa yetarli darajada ishga solinmagan. Shu munosabat bilan Jondor, G‘ijduvon, Buxoro, Qorako‘l va Vobkent tumanlarida yangi “drayver” loyihalarni amalga oshirish, ish o‘rinlari yaratish va aholining dam olishi uchun zamonaviy maskanlar barpo etish rejalashtirilgan.

Yangi turizm markazida xalqaro brendlar asosida 5 ta mehmonxona majmuasi qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shaharda “Mohi Xosa” nomli turistik mahalla tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Kogon shahrida oltita tarixiy obyekt negizida turistik shaharcha barpo etish rejalashtirilgan. Shofirkon tumanida “Xoja Orif”, Buxoro tumanida esa “Chor Bakr” va “Yorjon” turistik qishloqlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, 33 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chasi, 2 ta sohilbo‘yi va 10 ta yo‘lbo‘yi zonalar hamda 4 ta turistik mahalla tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Kadrlar tayyorlash sohasida Krems universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochish va Buxoro turizm hamda madaniy meros texnikumini ushbu oliygoh boshqaruviga berish rejalashtirilgan. Universitet mutaxassislari, shuningdek, shaharda tashkil etiladigan 24/7 ishlaydigan ko‘chalar boshqaruv modelini ishlab chiqishda ham ishtirok etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling