Buxoroda III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali oʻtkaziladi

Buxoroda 15−17-may kunlari “III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” festivali bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasida milliy zardo‘zlik va zargarlik an’analarini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar, mahalliy va xorijiy hunarmandlar ishtirokidagi mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar hamda madaniy dasturlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Festivalda O‘zbekistonning barcha hududlaridan zargar va zardo‘zlar, shuningdek hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ustalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan o‘tkazib kelinmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi — xalq amaliy san’atining noyob yo‘nalishlari bo‘lgan zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, hunarmandchilik maktablarini asrab-avaylash, xalqaro tajriba almashish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Butunjahon Hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Butunjahon hunarmandchilik shahri” maqomi berilgan edi.