Buxoroda III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi

E’lon qilingan sana· 33
Buxoroda III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi

15−17-may kunlari Buxoro shaharida III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan hunarmandlar, dizaynerlar, san’atshunoslar, olimlar va mehmonlar jam bo‘ldi.

Uch kun davom etgan tadbir doirasida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, teatrlashtirilgan chiqishlar, milliy liboslar namoyishi, hujjatli filmlar taqdimoti hamda konsert dasturlari tashkil etildi.

Festivalning tantanali yurishi Ark qal’asidan boshlanib, Labi Hovuz ansambligacha davom etdi. Tadbir davomida milliy hunarmandchilikning boy an’analari va uning yuksak badiiy darajasi yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Shuningdek, “An'anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya hamda “Buxoro zandanachisi: tarixi, tipologiyasi va qayta tiklash masalalari” mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazildi. Mutaxassislar sohani rivojlantirish, yosh ustalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Festival yakunida mahalliy va xorijiy hunarmandlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Tantanali yopilish marosimi esa Ark qal’asi maydonida tarixiy sahna ko‘rinishlari va konsert dasturi bilan o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro 2022-yilda “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomini olgan bo‘lib, bugun ham o‘zining boy madaniy merosi va sharqona mehmondo‘stligi bilan xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortishda davom etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling