O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan TOP-5 davlat qatoriga kirdi

BMT Turizm tashkiloti e’lon qilgan World Tourism Barometer hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning yanvar-mart oylarida xorijiy sayyohlar oqimi eng tez o‘sgan dunyoning TOP-5 mamlakati qatoriga kirdi.
Qayd etilishicha, ushbu davrda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro turistlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan 37 foizga oshgan.

2026-yilning birinchi choragida dunyo bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 2 foizga o‘sib, 307 million kishini tashkil etgan. O‘zbekiston esa bu ko‘rsatkichdan ancha yuqori natija qayd etib, eng tez rivojlanayotgan turistik yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Mamlakat 2025-yilda ham rekord natijaga erishgan bo‘lib, yil davomida qariyb 11,7 million xorijiy sayyohni qabul qilgan. Joriy yilning dastlabki besh oyida esa O‘zbekistonga 5,3 milliondan ortiq turist tashrif buyurdi.
Mutaxassislar sayyohlar oqimining ortishini viza rejimining soddalashtirilishi, transport aloqalarining kengayishi va xalqaro miqyosdagi faol targ‘ibot ishlari bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, yangi mehmonxonalar, sayyohlik kompaniyalari va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasining rivojlanishi ham bu jarayonga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tarixiy merosi, xavfsiz va nisbatan hamyonbop sayohat muhiti bilan mashhur O‘zbekiston nafaqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlari, balki ekologik hamda gastronomik turizm yo‘nalishlari bilan ham sayyohlar e’tiborini tortmoqda.