Plyaj, voleybol va futbol: “Jizzax Open Air” xalqaro turizm festivali bo‘lib o‘tdi

E’lon qilingan sana· 79
Plyaj, voleybol va futbol: “Jizzax Open Air” xalqaro turizm festivali bo‘lib o‘tdi
Foto: Afisha.uz / Muzaffar Bobomurodov

Oʻzbekistonda dam olish, xususan, yozgi ta’til uchun mos keladigan maskanlar koʻpayib bormoqda. Bunda mavjud resurslardan (yoki hududlardan) turizmni rivojlantirish maqsadida maksimal darajada foydalanayotganini sezish mumkin.

Jizzax viloyatda joylashgan yana bir qiziqarli manzillardan boʻlgan Aydarkoʻl Resort hudidida 27−28 iyun kunlari “Jizzax Open Air” xalqaro turizm festivali bo‘lib o‘tdi.

“Open air” doirasida Aydarkoʻl plyaji bir qator tadbirlarni oʻzida jamladi. Jumladan, kun davomida tashrif buyuruvchilar DJ’larning setlaridan bahramand boʻldi. Shuningdek, kun davomida rassomlarning mahorat darslari ham tashkil etildi.

Festivalning diqqat markazidan so‘nggi yillarda rivojlanayotgan plyaj turizmi oʻrin olgan. Ko‘l bo‘yida tashkil etilgan maxsus hududlar, salqin ichimliklar xarid qilish imkoni va voleybol oʻyinlari mehmonlarga haqiqiy kurort muhitini his qilish imkonini berdi.

Shu bilan birga, koʻrgazmalarda butun O‘zbekistonning gastronomik xaritasini o‘zida jamlagan stendlar tashkil etildi. Har bir tashrif buyuruvchi barcha viloyatlarning o‘ziga xos milliy taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bundan tashqari, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyati kabi hududlar stendlarida milliy kuy-qoʻshiqlar kuylandi. “Open air” doirasida plyaj voleyboli bahslari hamda turli suv sporti musobaqalari oʻtkazildi.

Kechki vaqtda esa festival hududi ulkan musiqiy maydonga aylandi. Estrada yulduzlari va zamonaviy DJ’larning chiqishlari oʻtkazildi. Festival osmonni yoritgan mushakbozlik shousi bilan yakunlandi.

“Jizzax Open Air” xalqaro festivalining ochilishiga juda koʻp mehmonlar tashrif buyurganidan bagʻoyatda xursandman", — dedi Jizzax viloyati hokimi Ulugʻbek Mustafoyev. Shuningdek, u festivalni bir marta emas, har yili oʻtkazishni taklif qildi.

28-iyun kuni tongi soat 04:30 da esa futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionati doirasidagi Kongo DRga qarshi oʻyini katta ekranlarda namoyish etildi.

Quyida festivaldan koʻproq suratlar keltirilgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Plyaj, voleybol va futbol: “Jizzax Open Air” xalqaro turizm festivali bo‘lib o‘tdi — Toshkent Afishasi