Navoiyda respublikadagi ilk turizm ovuli tashkil etilmoqda

Navoiy viloyatida O‘zbekistondagi ilk zamonaviy turizm ovuli tashkil etilmoqda. Loyiha sayyohlarga o‘zbek xalqining milliy turmush tarzi, urf-odatlari va hunarmandchilik an’analarini yaqindan tanishtirishga qaratilgan.
Turizm ovulida milliy uslubdagi mehmon uylari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy taomlar tayyorlanadigan oshxonalar, etnografik ko‘rgazmalar, dam olish maskanlari va bolalar maydonchalari barpo etiladi. Mehmonlar uchun tuya va ot sayrlari, folklor dasturlari, xalq o‘yinlari hamda mahalliy ustalar ishtirokidagi mahorat darslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha natijalari Konimex tumanidagi “Yangiqazg‘an” turizm ovuli misolida allaqachon namoyon bo‘lmoqda. Hozir bu yerda 20 ta mehmon uyi va 10 ta hunarmand uyi faoliyat yuritmoqda, 60 ga yaqin oila esa turizm hisobidan barqaror daromad topmoqda.
Sayyohlar milliy taomlar tayyorlash, tandirda non yopish, sigir va tuyani sog‘ish, echki hamda tuya junidan gilam va boshqa mahsulotlar tayyorlash jarayonlarida bevosita ishtirok etishi mumkin. Bu mahalliy turmush tarzini yaqindan his qilish bilan birga, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratmoqda.
2026-yilda “Yangiqazg‘an” turizm ovuliga 25 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Shuningdek, Konimex va Nurota tumanlaridagi to‘qqizta o‘tovli lager yiliga qariyb 50 ming nafar xorijiy sayyohni qabul qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, 2026-yil mavsumi uchun bu lagerlardagi barcha o‘rinlar oldindan band qilingan.


