Oʻzbekistonga sayohatlarga qiziqish 54 foizga oshdi

E’lon qilingan sana· 35
Oʻzbekistonga sayohatlarga qiziqish 54 foizga oshdi

Xalqaro turizm kompaniyasi Expedia Group maʼlumotlariga koʻra, iyun oyida Oʻzbekistonga sayohatlar bilan bogʻliq qidiruvlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga oshgan. Shu bilan birga, rasmiylashtirilgan bronlar soni ham koʻpaygan.

Iyun oyida Expedia Group platformalari orqali Oʻzbekistonga sayohatni bron qilgan sayohatchilar soni 45,6 foizga oshgan. Xarid qilingan aviachiptalar soni 23 foizga, bron qilingan tunashlar soni 27 foizga, umumiy bronlar hajmi esa 46,1 foizga koʻpayib, 2 million AQSH dollaridan oshgan.

Oʻzbekistonga qiziqish bildirayotgan asosiy xorijiy bozorlar qatoriga AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Germaniya va Fransiya kiradi. Talabning eng yuqori oʻsish surʼatlari AQSH va Yaponiyada qayd etilgan.

Mamlakat ichida esa Toshkent, Samarqand va Buxoro eng ommabop yoʻnalishlar boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, Xivaga boʻlgan qiziqish ham ortib, shaharning umumiy bronlar hajmidagi ulushi sezilarli ravishda koʻpaygan.

Expedia Group prognoziga koʻra, tasdiqlangan bronlarning 82,9 foizi 2026-yil iyul-sentabr oylarida amalga oshiriladigan sayohatlarga toʻgʻri keladi. Bu esa Oʻzbekistonda yaqin oylarda ham yuqori turizm talabi saqlanib qolishidan dalolat beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling