Toshkentga kelish uchun sabab boʻladigan 10 ta restoran: mazali, chiroyli va qiziqarli

Toshkent — bu shunchaki palov, limonli choy va to‘kin dasturxonlargina emas. Shaharda alohida e’tiborga loyiq gastronomiya ham bor.
Biz o‘ziga xos oshxonasi va a’lo darajadagi xizmati bilan ajralib turuvchi o‘nta restoranni tanlab oldik, shu bilan birga, ularning yaqinida qanday tarixiy obidalar va diqqatga sazovor maskanlar joylashganini ham ko‘rsatib o‘tdik. Natijada mazali taomlarni sayr va yangi taassurotlar bilan uyg‘unlashtirib, poytaxtni yangidan kashf etish imkonini beruvchi ajoyib gastronomik marshrut hosil bo‘ldi.
Palov muzeyi
Salar bo‘yida “Palov muzeyi” joylashgan. Asoschilarining aytishicha, bu — Butunjahon merosi maqomini olgan ushbu taomga bag‘ishlangan dunyodagi yagona muzey. Ko‘prik yoqalab XIX asrga oid o‘ymakor Xorazm ustunlari qad rostlagan, ularning ortida esa naqshinkor shiftli ayvonlar ko‘zga tashlanadi. Taniqli restorator Timur Musin har bir oshpaz palovni o‘z yurtidagidek pishirishi uchun bu yerga O‘zbekistonning turli burchaklaridan oshpazlarni jamlagan.
Hatto Farg‘ona vodiysidagi qo‘shni viloyatlarning ham osh retseptlari har xil. Andijonlik oshpaz o‘z palovi uchun qoraqiltiriq devzirasini tanlagan bo‘lsa, Qo‘qon oshi uchun So‘x vodiysining cho‘ng‘ara guruchi ma’qul ko‘rilgan. Yog‘ borasida ham oshpazlarning o‘z tanlovi bor. Palov uchun ishlatiladigan yog‘lar aralashmasi omihta deb ataladi va ayrim oshpazlarda uning tarkibiga o‘n xilgacha yog‘ kiradi. Muzey menyusida Buxoro so‘fi oshi, Qo‘qon palovi va Toshkent bayram oshi o‘rin olgan.
Muzeyni bezatish ustida rassom Bobur Ismoilov ishlagan, eksponatlar to‘plamini shakllantirishda esa san’atshunos Natalya Musina qatnashgan. Qadimiy qozon va samovarlar yonidan naqshinkor sopol buyumlar joy olgan. Mehmonlarning xohishiga ko‘ra, muzey xodimlari zallar bo‘ylab ekskursiya o‘tkazib, palovning turli xillari uchun qanday guruch tanlanishi hamda uning O‘zbekistonning turli hududlarida qanday pishirilishi haqida so‘zlab berishi mumkin.
Bazar
O‘qchi ko‘chasida, Tashkent City Boulevard’ning yangi binolari orasida joylashgan “Bazar” o‘zining o‘ymakor eshiklari bilan ajralib turadi. Ularning ortida ikki qavatli keng zal, naqshinkor koshinlar va sopol pechlarni eslatuvchi osma chiroqlar ko‘zga tashlanadi. Ochiq oshxona tomon yaqinlashsangiz, interyerni tomosha qilishdan ham qiziqroq mashg‘ulot bor: bu yerdan oddiy xamir oshpazlar qo‘lida qanday xilma-xil shakllarga kirishini kuzatish mumkin.
Qiyma go‘shtli manti uchun xamir yupqa yoyiladi, qutablar uchun esa yarimoy shaklida buklanadi. Somsani esa uchi qizargan xamirdan bo‘rtib chiqib turadigan ilikli suyak bilan birga pishirishadi. O‘zbek va afg‘on taomlari yoniga dasturxonda sindirib, bo‘lishib yeyishga qulay bo‘lgan nonlar tortiladi. “Bazar” bosh oshpazi Ilhom Xudoyberganov Xorazmda ulg‘aygan, bolaligida onasi bilan birga cheburek tukkan. Endilikda uning taomnomasidan ushbu taomning o‘ziga xos talqini o‘rin olgan.
Tushlikdan keyin parkning yaqinligi juda foydali boʻladi. Bu yerdan koʻl atrofidagi yoʻlaklarga piyoda borish mumkin va zamonaviy Toshkent bor boʻy basti bilan ochiladi.
Горыныч
“Горыныч” ertaknamo o‘rmonni eslatuvchi restorani Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan. Naqshlar bilan bezatilgan daraxtlar orasidan xuddi Ivan Bilibin illyustratsiyalaridagi ertak sahifalaridek so‘qmoqlar o‘tadi. Restoran bilan tanishuv dasturxonga tortiladigan nondan boshlanadi. Bu yerda xamirturushli bug‘doy noni va to‘q rangli borodino noni pishiriladi, hali iliq non bo‘laklariga esa ko‘pirtirilgan, kul qo‘shilgan sariyog‘ tortiladi.
Toshkentdagi “Горыныч” restorani White Rabbit Family va Family Garden tomonidan AB Group ishtirokida ochilgan. “Горыныч” restorani taomnomasini Vladimir Muxin oʻylab topilgan. Uning boshchiligida 2021-yilda Moskvaning White Rabbit restorani “Michelin” yulduziga sazovor boʻlgan. Taomnomada asosiy o‘rinni olovda pishirish usuli egallaydi. Pitsalar neapolcha usulda, qalin chetlarida to‘q rangli kuygan dog‘lar paydo bo‘lguncha pishiriladi. Steyklar grilda qovuriladi, qovurg‘alar va mol go‘shtidan tayyorlangan ko‘krak qismi esa uzoq vaqt dudlanadi.
Moskva “Горыныч"ining asosiy taomlari bilan bir qatorda, menyuga mol go‘shti pastasi bilan borsh qoʻshilgan, Toshkentda esa unga Vladimir Muxin retsepti bo‘yicha Buxoro somsa va qo‘zichoq go‘shti qo‘shilgan. Nonushtada ham mahalliy mahsulotlarga joy topildi. Konsept-shef Vladimir Baranov tuxum va kolbasalar bilan birga qazi, brinza, qaymoq va bir hovuch quritilgan mevalarni taqdim etadi.
La Mer
La Mer restorani Shota Rustaveli haykali yonidagi baliq do‘konidan boshlangan. Bu yerga Yevropadan muntazam ravishda baliq va dengiz mahsulotlari olib kelinadi. Dorada va tyurbo baliqlari muz ustiga teriladi, tirik ustritsalar esa akvariumda saqlanadi. Vitrinadagi baliqni uyga olib ketish yoki shu yerning o‘zida tayyorlab berishni so‘rash mumkin. O‘shandan beri La Mer Toshkentda bir nechta manzilda, jumladan, Taras Shevchenko ko‘chasida ham filiallarini ochdi.
Bu filialning o‘ziga xos jihati bor. Ko‘chaning bir qismi avtomobillar harakati uchun yopilgan, natijada qo‘shni barlar, qahvaxonalar va restoranlarning ochiq ayvonlari yagona piyodalar xiyobonida jamlangan. Festivallar kunlari bu yer ayniqsa gavjum bo‘ladi, oddiy oqshomlarda esa La Mer’ning stol atrofida ozgina ustritsa buyurtma qilib, uzoqroq o‘tirish mumkin. Taomnoma tarkibida go‘shti zichligi bilan mashhur fransuzcha “Gillardeau” ustritsalari bor. To‘yimli kechki ovqat uchun pechda pishirilgan sibas yoki qisqichbaqali pasta mos keladi.
ORA
Istiqbol ko‘chasi atrofida Toshkentning ikki qiyofasi uchrashadi. Qadimiy shahardan Ming O‘rik arxeologik yodgorligi (9:00 dan 18:00 gacha tashrif buyurish mumkin), zamonaviy Toshkentdan esa uning yonidagi Infinity turar joy majmuasi saqlanib qolgan. Majmuaning ikkinchi qavatida, panoramali derazalar ortida ORA restorani joylashgan. Ertalab bu yer sokin bo‘ladi, ochiq oshxonadan esa nonushtaga parmezanli yengil krem surtilgan tost tortiladi. Kechga borib zal ancha gavjumlashadi, stollar atrofida kechki ovqat uchun yig‘ilgan davralarni ko‘rish mumkin.
Oshxonaga Moskvadagi White Rabbit restoranida ham ishlagan bosh oshpaz Islom Qurbonov mas’ul. Uning taomlari bilan tanishishning eng qiziqarli usuli — oshpaz stoli atrofida kechki ovqatlanish. Bunday kechki ovqatlar davomida Qurbonov har bir taomni mehmonlarga shaxsan o‘zi olib chiqadi. Losos baligʻi uchun u ikraning uch xil turini tanlaydi, go‘shtli qovurg‘a uchun esa grechkadan popkorn tayyorlaydi. Tanish yorma kutilmaganda butun kechki ovqatni yodda qoldiradigan detalga aylanadi.
Furusato
Niyozbek Yo‘li 3-tor ko‘chasida kichik yapon restorani joylashgan. Bu yerga tushlik qilish uchun Toshkentda yashovchi yaponlar ham keladi. Furusatoʻda ularni Atsuto Uchiyama kutib oladi. Toshkentga ko‘chib kelishidan oldin u o‘n yildan ortiq vaqt Tokio va Yokogama oshxonalarida ishlagan. Endi bosh oshpaz mahsulotlarni Toshkentning o‘zidan tanlaydi, nori, ziravorlar va choyni esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hamamatsudan buyurtma qiladi.
Uning taomlari bilan tanishuv ko‘pincha buyurtma keltirilishidan oldin boshlanadi. Dasturxonga oshpaz tayyorlagan gazaklar solingan kichik likopchalar qo‘yiladi, ortidan esa issiq taomlar tortiladi. Uchiyama bug‘doyli udon lag‘moniga tunets balig‘i va taomga nordon ta’m beradigan ume olxo‘risidan tayyorlangan pasta qo‘shadi. Bu yerda kamameshi — kichik qozonchada pishiriladigan guruch ham tayyorlanadi va ustritsa bilan tortiladi. 2026-yilda Furusato Ultima Guide talqiniga ko‘ra, Toshkentning 25 ta eng yaxshi restorani qatoriga kirdi.
Furusatoʻdagi tushlikni Oloy bozori bo‘ylab sayr qilish bilan uyg‘unlashtirish mumkin. Yopiq pavilonning kiraverishida oltin va kumush taqinchoqlar sotiladi, undan narida ziravorlar, meva va quruq mevalar rastasi, bozor to‘rida sut bo‘limi joylashgan.
BREADLY
Alisher Navoiy nomidagi teatr yonida tongni BREADLY’da bir finjon qahva va kruassan bilan boshlash mumkin. Tarmoqning boshqa filiallaridan farqli ravishda, bu yer yengil, deyarli vaznsiz ichki qismi bilan ajralib turadi. Nonushtadan so‘ng esa favvora yonidan o‘tib, “Moviy gumbazlar” tomon yo‘l olish, kechki spektakldan oldin esa kafening chap tomonidagi 1973-yildan beri guldastalar tayyorlaydigan “Toshkent Gullari” do‘koniga gullar uchun kirish mumkin.
Hunarmandchilik novvoyxonasiga 2017-yilda Le Cordon Bleu’da pazandachilik san’ati boʻyicha tahsil olgan Diora Karimova asos solgan. Uning peshlavhasidagi qo‘lda ushlab turilgan boshoq bejiz tanlanmagan: BREADLY’da non va pishiriqlar bugungi kungacha qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Yillar davomida mahalliy loyiha o‘z novvoyxonasi va Toshkent hunarmandlarining ishiga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolgan holda tarmoqqa aylandi.
Asoschisining fransuzcha ta’lim olgani ertalabki vitrinalardagi pishiriqlarda seziladi, biroq bu yerda tushlik taomlari ancha kutilmagan. Ertalab kruassan olish uchun kiriladigan kafening o‘zida kunduzi basmati guruchi bilan hindcha tikka masala taomi tortiladi.
Сыроварня
Toshkent kurantlaridan “Сыроварня” restoranigacha bo‘lgan sayrni Amir Temur xiyoboni orqali qilgan ma’qul. Yo‘l-yo‘lakay “Oʻzbekiston” mehmonxonaning o‘ziga xos geometrik naqshlar bilan bezatilgan fasadi yaxshi ko‘rinadi, biroz naridagi C-1 dahasida, Le Grande Plaza mehmonxonasi yonidagi daraxtlar orasida esa restoranning o‘zi joylashgan.
Toshkentdagi “Сыроварня” restoranini AB Group Arkadiy Novikov va Family Garden restoranlar xoldingi bilan hamkorlikda ochgan. Shahrisabz ko‘chasidagi restoranning o‘z pishloq sexi bor. Bu yerda italyan texnologiyasi asosida motsarella, burrata va rikotta tayyorlanadi.
Uy sharoitidagi italyan taomlariga bo‘lgan qiziqish taomnomaning qolgan qismida ham seziladi. Bu yerda pasta tayyorlanadi, o‘tin yoqiladigan pechda esa pitsalar pishiriladi. Pitsani hamma uchun buyurtma qilish mumkin, shu paytda har kim o‘ziga issiq taom tanlaydi. “Сыроварня"da oila davrasida uzoq tushlik qilish uchun yopiq ayvon ham bor. Zalning ichkarisidagi stoldan ham panoramali derazalar ortidagi yam-yashil manzarani ko‘rish mumkin. Agar tushlik paytida oshpazlarning ishini kuzatish qiziqroq bo‘lsa, asosiy zaldagi stollar ochiq oshxona yoniga joylashtirilgan.
Goʻsht
Toshkentdagi Goʻsht restoranining Bruklindagi Koni-Aylend avenyusida ham filiali bor. U yerda xospеrda steyklar tayyorlanadi, burgerlar bilan bir qatorda esa taomnoma tarkibidan kichik qovurilgan chuchvaralarni ham topish mumkin. Bunday uyg‘unlik restoranning kelib chiqishi bilan izohlanadi. Uning tarixi Toshkentda boshlangan. Brend asoschisi Abdurashid Iminov Nyu-Yorkka chiqishidan ancha oldin o‘z burger retseptini izlagan.
Toshkentdagi Goʻsht oilaviy go‘shtli taomlar qilinadigan restoraniga xos xususiyatlarini saqlab qolgan. O‘qchi ko‘chasidagi Boulevard filialiga steyklar va grilda pishirilgandan keyin ham yengil tutun hidini saqlab qoladigan kotletli burgerlar uchun kelish mumkin. Bu yerda bolalar uchun o‘yin maydonchasi ham ajratilgan. Goʻsht tadbirlari dasturida o‘z burgerini tayyorlash mumkin bo‘lgan pazandachilik mashg‘ulotlari ham bor. Boulevard filiali yonida Tashkent City bog‘i joylashgan, shu sababli tushlikni ko‘l bo‘yida sayr qilish rejalashtirilgan kunga moslashtirish qulay variantdir.
“Loft” kafesi
“Loft"da har payshanba kuni palov tayyorlanadi. Qolgan kunlari esa birgina buyurtmaga qarab qo‘shni stolga qanday taom keltirilishini oldindan taxmin qilish ancha qiyin. Pavel Georgoranov taomnomasida kubacha sendvich, pishloqli ramen va og‘irligi qariyb 700 gramm bo‘lgan “Borziy” burgeri yonma-yon keladi. Biroq burgerning salat barglariga o‘ralgan varianti ham bor. Bu yerda hazil-mutoyibaga ham, turli mamlakatlar oshxonalari uyg‘unligiga ham birdek erkin yondashiladi. Georgoranov taomnoma ustida shaxsan ishlaydi, uning zalda borligi hatto plakatlardagi yozuvlarda ham seziladi.
“Loft” Beshyog‘ochning birinchi berk ko‘chasida, toshkentliklarning bir necha avlodiga tanish savdo rastalari va Magic City bog‘i o‘rtasida joylashgan. Bu qo‘shnichilikning amaliy afzalligi bor: bozor va bog‘ bo‘ylab sayr qilgach, deyarli bir litrlik ramyon porsiyasi mos keladi.
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.





























