Oʻzbekistonda qayerlarda suratga tushish kerak: Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivadagi chiroyli joylar

Biz telefonni qoʻldan qoʻyish qiyin boʻlgan joylarni toʻpladik va suratga olishda nimalarga e'tibor berish kerakligiga toʻxtalib oʻtdik.
Toshkent
18-sentyabrda ochilgan Hangar ulkan gumbazli tomlar ostida telefon xotirasini bo‘shatib, suratga olishga arzigulik barcha narsalarni jamladi. Bu yerda billur qandillar metall to‘sinlar bilan, rang-barang so‘zanalar o‘yma naqshli bufetlar bilan yonma-yon turadi, kitob javonlari esa shiftga qadar cho‘zilgan. Chiroyli suratlar olish uchun bu yerga kunduzi, baland derazalardan tushgan nur gilamlarni yoritib, billur qandillarda jilvalangan paytda kelgan ma’qul.
Portretlar uchun naqshdor yog‘och suyanchiqli sariq divan yoki o‘yma naqshli qora pianino ayni muddao. Qahva bilan kadrlar olish uchun esa nafis quyma oyoqli stolchalar topiladi. Hangar’da suratga olish ishlari uchun alohida shartlar belgilangan bo‘lib, ular va amaldagi narxlar bilan makonning Instagram sahifasida tanishish mumkin.
Gozar of Artisans'da jozibali kadrlar uchun me’morchilikning o‘zi xizmat qiladi: 1775-yilda qurilgan Oxun Guzar masjidining gumbazlari, ganch o‘ymakorligi va g‘ishtin panjaralar shular jumlasidandir. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi livanlik dizayner Nada Debs bilan hamkorlikda qayta ta’mirlangan ushbu binoni mahalliy hunarmandlar maydoniga aylantirdi. Dizayner loyiha uchun mebellar yaratgan bo‘lsa, Oʻzbekistonning turli hududlaridan kelgan ustalar maskanni kulolchilik buyumlari, Buxoro so‘zanalari, yog‘och o‘ymakorligi va zargarlik namunalari bilan boyitgan.
Bu yerda umumiy planlarni mayda detallar bilan uyg‘unlashtirib suratga olish mumkin: avval tarixiy ravoqlar ostida portret tushirib, so‘ng kamerani kashta naqshlariga yoki Sirojiddin Rahmatullayevning sopol installyatsiyasiga qaratish mumkin. Hatto manzil ham alohida ahamiyat kasb etadi: bir paytlar Oxun Guzar hunarmandlar va temirchilar mahallasi bo‘lgan. Bu yerdan ketishdan oldin ko‘plab nafis ko‘zgulardan birida selfi tushishni unutmang.
Foto: @zakkrv; Shohruh Haydarov.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi loyihalari haqida so‘z ochilgan ekan, kamerani qo‘lga olish uchun yana bir sabab — CCA Tashkent. 6-sentyabrda ochilgan Zamonaviy san’at markazi 1912-yilga oid sobiq dizel elektr stansiyasi binosida joylashgan bo‘lib, uni Studio KO byurosi yangicha qiyofaga keltirgan. Ayniqsa, burama zina alohida e’tiborga loyiq: uning mayin egri chiziqlari haykalni eslatadi va kadrdagi qiyofani chiroyli tarzda to‘ldirib turadi.
Erkin uslubdagi portret uchun bemalol o‘tirib suratga tushish mumkin bo‘lgan keng yog‘och pillapoyalar (xuddi “Gossip Girl” serialidagidek), yanada kinematografik kadr uchun esa pol bo‘ylab yoritilgan yo‘lak juda mos keladi. Suratga olishlar oralig‘ida kutubxonaga hamda san’atga oid kitoblar jamlangan konsept do‘konga kirib koʻrish mumkin.
Foto: Shahlo Ahmedova; Muzaffar Bobomurodov.
ICHKARI'da olingan suratlarda eski Toshkentdagi osuda bir kunning kayfiyati aks etadi. Ushbu maskan 26-sentyabr kuni Belariq ko‘chasi, 30A manzilidagi yuz yillik uyda ochildi, unda avvalgi eshiklar, shiftlar, derazalar va pechlar saqlab qolingan. Xonalarga so‘zanalar, sopol buyumlar, taqinchoqlar va oilaviy kundaliklar qo‘yilgan, hovlida esa xurmo daraxti ostida rang-barang ko‘rpachalar to‘shalgan oq so‘rilar bor.
Aynan shu yerda quyoshli kunda nonushta qilish yoki “Darcha” kafesidagi somsa bilan choy ichish ayni muddao boʻladi: yashil dasturxonga barglar soyasi tushadi, piyolalarda choy yarqiraydi, yorqin ikat esa kadr chetlarini to‘ldiradi. Portret uchun oq ustunlar va dumaloq yog‘och stollar o‘rnatilgan ayvon yoki malina rangli divan oldidagi deraza yonidagi joy mos keladi. Suratga olishdan so‘ng “Uyimning soyalari” audiospektakli bilan uy bo‘ylab yurish va bu yerda yashagan odamlar hikoyalarini tinglash mumkin.
Foto: Evgeniy Sorochin.
Buxoro ko‘chasi, 26A manzilida joylashgan Breadly’da qahva va kruassan bilan nonushta qilish kichik fotosessiyaga aylanib ketishi mumkin. Bu yerda nafis kosachalar va ingichka suv oqimlariga ega yorug‘ favvora Breadly’ning o‘ziga xos geometrik qandili va marmar stollar bilan uyg‘unlashgan. Oq qoplamali katta yarim doira divanga joylashib, nonushta paytida qulay suratga tushish mumkin.
To‘q qizil divanlar o‘rnatilgan keyingi zal esa butunlay boshqacha kayfiyat bag‘ishlaydi: to‘q rangli yog‘och panellar va teatr auditoriyasini aks ettiruvchi kartina suratlarga yanada drama qoʻshadi. Hatto hojatxonadagi koʻzgu ham biroz to‘xtab turishga majbur qiladi: naqshli shaffof rakovina billur vazani eslatadi. Kunni Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik opera va balet teatri atrofida sayr qilish bilan davom ettirish mumkin: yaqin atrofda favvorali Teatr maydoni va yam-yashil xiyobon bor.
Foto: Madina Rizaeva; John Rakhmanov.
Tosh coffee'da Toshkentga bo‘lgan muhabbat modernistik interyer hamda patir va qaymoq tortiladigan o‘zbekcha nonushta orqali ifodalangan. Uni maxsus qahva bilan uyg‘unlashtirish nihoyatda sodda va ayni paytda ajoyib g‘oyaga o‘xshaydi. Shahar me’morchiligiga ishoralar devoriy barelyeflar, geometrik shakldagi mebellar va yog‘och tirsakqo‘ygichli ko‘k kreslolarda davom etadi. Metall peshtaxta yorug‘likni aks ettiradi, stollar ustida hajmli oq plafonlar osilib turadi, ochiq beton shift esa makonga jiddiylik bag‘ishlaydi.
Portret uchun barelyeflar fonidagi ko‘k kreslo yoki peshtaxta yonidagi baland stul mos keladi — bunda kadrga qahva tayyorlash jarayoni ham tushadi. Nonushtani esa deraza yonida suratga olgan ma’qul: kompozitsiyaga yog‘och stol yuzasi, finjon va hatto suratga olishdan avvalroq sindirishni xohlaydigan patirni ham kiritish mumkin.
Фото: Denis Komarov; @alibek.live
Samarqand
Samarqandga borgandan soʻng, agar sayr qilishni, esdalik sovgʻalar xarid qilishni va chiroyli suratlarni tomosha qilishni rejalashtirgan boʻlsangiz “Boqiy shahar” asosiy variantlar qatorida boʻladi. Eshkak eshish kanali yaqinidagi majmua 2022-yilda rassom Bobur Ismoilov tomonidan loyihalashtirilgan: firuza gumbazlar, mozaikali fasadlar va oʻyma eshiklar qadimiy oʻzbek shahrining kompozit qiyofasini yaratadi.
Portret uchun yog‘och eshikli va rangli koshinlar bilan bezatilgan tokcha, harakatdagi kadr uchun esa ortidan gumbaz ko‘rinib turadigan baland ravoq mos keladi. Ko‘prik ustida suv manzarasini panoramaga olish, tor ko‘chalarda esa devorlar orasidan ko‘rinib turgan minorani kadrga muhrlash mumkin. Quyosh botishiga yaqin g‘ishtlar asalrang tusga kiradi, yorug‘lik mayinlashadi, naqshlar esa yanada bo‘rtib ko‘rinadi. Suratga olishlar orasida hunarmandchilik ustaxonalariga kirib, miniatyuralar va kulolchilik buyumlarini tomosha qilish, so‘ngra Samarqand nonidan tatib ko‘rish istagi paydo bo‘ladi.
Foto: @didikrepinsky; Evgeniy Sorochin; @maru.andru.
Happy Bird'da har bir ko‘zgu oldida to‘xtab, har bir tokchani sinchiklab tomosha qilgingiz keladi. Samarqand Hunarmandchilik markazining ikkinchi qavatidagi galereyani san’atshunos Yelena Ladik yaratgan. Unda eski mebellar, gilamlar, Rishton kulolchilik buyumlari va do‘stlarining sovg‘alarini birlashtirilgan. Bu yerda qushlar hamma joyda: naqsh solingan likopchalarda, girlyandalarda va komodlar ustidagi haykalchalar orasida. Ular shaxsiy kolleksiyaning bir qismi hisoblanadi, ammo vintaj matolardan tikilgan mualliflik paltolari, jaketlari va choponlarini esa xarid qilish mumkin. Har bir kiyimdan faqat bitta nusxa tikiladi.
Bu yerda suratga tushish uchun bir nechta o‘ziga xos fon topiladi: shlyapalar, sumkachalar va eski suratlar bilan bezatilgan devor, kulolchilik buyumlari joylashtirilgan oq naqshinkor tokchalar yoki o‘ymakor romli ko‘zgusi bor yog‘och komod. Shlyapalarni kiyib ko‘rishga ruxsat beriladi, shu bois portretga kutilmagan bir detal qo‘shish oson. Kunduzi ortida yam-yashil hovli ko‘rinib turadigan ochiq o‘ymakor eshik yonida chiroyli yorug‘likni tutish mumkin. Suratga olishni ikkinchi qavatdagi zinapoya va ochiq galereyada, yog‘och ustunlar hamda uzum novdalari orasida davom ettirishga arziydi.
Foto: @asadskd; @lacarmina; Darya Sirotina.
Yozgi Samarqandning o‘ziga xos lavanda yo‘nalishi bor boʻlib, bu — Flora Lavender Farm. Bog‘bon Server Usmonov bu lavandazorlarni dastlab atigi beshta tup ko‘chatdan boshlagan. 2017-yilda u ko‘chatxona tashkil etgan, bir yil o‘tib esa ilk lavandalarni ekkan. Vaqt o‘tishi bilan ular butun bir gektar maydonni egallagan. Bog‘ egasining aytishicha, gullash mavsumi iyundan avgustgacha davom etadi. Bu yerda suratga tushish uchun binafsha rangli qatorlar orasidagi yo‘lakning o‘zi kifoya: kamerani ko‘z balandligidan biroz pastroq tutib suratga olsangiz, gullar kadrning old qismini to‘ldirib, figurani chiroyli tarzda o‘rab turadi.
Kadr uchun yana bir tayyor manzara — lavandazorning o‘rtasiga o‘rnatilgan Flora Garden yozuvli ochiq yog‘och eshiklar. Sayrdan so‘ng ayvonga o‘tish mumkin: to‘r pardalar, eski servant, to‘qilgan abajurlar va yog‘och mebellar suratlarda yozgi dala hovli muhitini yaratadi. Yo‘lga chiqishdan oldin lavandalar qanchalik gullaganini aniqlashtirib olish, suratga tushish vaqtida esa keyingi mehmonlar uchun o‘simliklarni asrab, faqat yo‘laklarda yurish tavsiya etiladi.
Foto: @flora_lavenderfarm; Evgeniy Sorochin.
Buxoro
Poyi Kalon me’moriy ansambliga qaragan deraza yonidagi stolda olingan mashhur suratlarni siz ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Buxoroning qoq markazidagi Pavillon Kalon art-makoni va konsept-storining ikkinchi qavatida xuddi shunday kadrni takrorlash mumkin.
Katta derazalar o‘yma naqshlar tushirilgan yog‘och qopqoqlar bilan bezatilgan bo‘lib, qadimiy me’morchilikka yanada ko‘rk bag‘ishlaydi. Toʻq qizil rang devorlar va ichidan yorug‘lik taralib turgan naqshinkor tokchalar esa portretlarga o‘zgacha iliqlik baxsh etadi. Suratga tushish uchun deraza yonida yarim burilgan holatda turish kifoya — shunda kunduzgi yorug‘lik yuzingizni yoritadi, kadrda esa yog‘och o‘ymakorligi va maydon manzarasi ham aks etadi. Bu yerda qahva bilan birga uy sharoitida tayyorlangan pishiriqlar va o‘zbek shokoladi Qand’ni ham tatib ko‘rish mumkin. Shu bois sayrlar orasidagi qisqa tanaffus uzoqroq davom etishi hech gap emas. Bir necha qavatda o‘zbekistonlik ustalarning mualliflik keramikasi, taqinchoqlari, dizaynerlik kiyimlari, matolari va interyer buyumlari jamlangan.
Deraza yonida suratga tushgach, binoning boshqa xonalarini ham aylanib chiqish kerak: yog‘och shiftlar, gilamlar va qizil popuklar bilan bezatilgan qaymoqrang chodir yana bir nechta chiroyli kadrlar olishga undaydi. Ikat matosidan tikilgan kichik sumka yoki naqshlar bilan bezatilgan lagan esa mahalliy hunarmandchilik bilan tanishuvni uyga qaytgach ham davom ettirish imkonini beradi.
Foto: @buko4ka1701; Darya Sirotina; @namtaywc.
Mercure Bukhara Old Town 2025-yilda ilk bor o‘tkazilgan Buxoro biennalesiga tashrif buyurish bo‘yicha tavsiyalar qatoridan ham joy olgandi. “Mening O‘zbekistonim” kitobi muallifi Darya Sirotina kechki ovqatni go‘zal manzaradan bahramand bo‘lib, tanovul qilish uchun mehmonxonaning Saffron restoranini tavsiya qilgan. Mehmonxonaning o‘zi ham me’moriy yechimi bilan e’tiborga loyiq. U ARC Architects byurosi tomonidan loyihalashtirilgan. Bino ustida Bobir Klichev, Farrux Shadmanov va Anastasiya Pyagay ishlagan.
Ichki hovlilar, baland ayvonlar, och rangli g‘ishtlar va sopol naqshlar Buxoro uylariga xos an’analarni davom ettiradi. Suratga tushish uchun, ayniqsa, ko‘k-oq rangli hovuz va o‘ymakor ustunlar joylashgan hovli juda mos: ravoqlar portretlar uchun tabiiy ramka vazifasini bajaradi, zinapoyalar esa makonni turli balandliklardan suratga olish imkonini beradi.
Lobbi qismida nafis osma chiroqlar bilan bezatilgan gumbazlarning ko‘rinishini, restoranda esa kobalt rangli koshinlar bilan qoplangan ustun yonini suratga olishni tavsiya qilamiz. Kechga borib fonarlar va zinapoyalardagi yoritgichlar yonib, hovliga yanada sokin va shinam muhit bag‘ishlaydi. Agar mehmonxonada tunash safar byudjetidan oshib ketsa, u bilan tanishuvni Saffron restoranidagi kechki ovqatdan boshlash mumkin.
Foto: Accor.
So‘nggi Buxoro amiri Olimxonning yozgi qarorgohi bo‘lgan Sitorai Mohi Xosa majmuasida ham umumiy manzaralarni, ham eng mayda detallarni suratga olish mumkin. XX asr boshlarida bunyod etilgan qarorgohni rus muhandislari va buxorolik ustalar birgalikda yaratgan. Baland derazali yorug‘ fasadlar ortida naqshlar bilan bezatilgan shiftlar, o‘ymakor ganch va ko‘zgular yashiringan.
Ayniqsa, Oq zal kishini hayratga soladi. Uni usta Shirin Murodov rahbarligidagi hunarmandlar bezagan. Bu yerda oq naqshlar ko‘zguli sirt ustiga tushirilgan, shu bois o‘ymakorlik naqshlari go‘yo havoda muallaq turgandek ko‘rinadi. Suratga tushish uchun rangli oynalar va geometrik naqshlar bilan bezatilgan yozgi choyxona ham qiziqarli maskandir.
Kamera bilan sayrni bog‘da, hovuz bo‘yida va o‘ymakor ayvonlar ostida davom ettirish mumkin. Bugungi kunda saroyda amaliy san’at muzeyi faoliyat yuritadi. Shu sababli suratlar orasida so‘zana, chinni buyumlar, taqinchoqlar va Buxoro milliy liboslarini ham tomosha qilishga arziydi.
Foto: @lisinwonderland; @kriskentiya; @docatours_russia_
Buxoroning yahudiylar istiqomat qilgan eski mahallasida joylashgan Akbar House'ning oddiy eshigi ortida The World of Interiors jurnalida maqola e’lon qilingan katta mehmonxonali savdogarlar uyi yashiringan. Akbar Hakimov va uning turmush o‘rtog‘i Mastura bu uyni 1992-yilda sotib olib, turli davrlarga oid bezaklarini saqlab qolgan hamda uni qadimiy gilamlar, so‘zanalar, ikatlar va kiyim-kechaklar bilan to‘ldirgan.
Bu maskan bilan tanishuv o‘ymakor yog‘och ustunli ayvonga ega hovlidan boshlanadi, biroq kamera bilan uzoqroq qolishga arziydigan asosiy joy uy ichidadir. Baland naqshinkor tokchalar, katak-katak karnizlar va XIX asrga oid billur qandil o‘ziga xos interyer hosil qilgan. Bunday manzarani ko‘rganda, dastlab hayratdan nimani suratga olishni bilmay qolishingiz mumkin (shunchaki chuqur nafas oling).
Portretlar uchun ravoqli tokchalar fon bo‘la oladi, keng vertikal kadr esa katta mehmonxonaning balandligini to‘liq ko‘rsatishga yordam beradi. Kunduzi yorug‘lik derazalarning ikki qatoridan tushib, nafis o‘ymakorlik va naqshlarni yanada yaqqol namoyon etadi. Bu yerda me’moriy ko‘rinishlarni matolarning mayda detallariga — kashta choklari, ikat naqshlari va gilamlarning biroz o‘chgan bezaklarini aralashtirib suratga olish qiziqarli. Agar kolleksiya namoyishi paytida uy egalarini uchratish nasib etsa, eng jonli kadr so‘zanani to‘liq yoyayotgan lahza bo‘lishi mumkin.
Foto: Ivan Tereschenko.
Xiva
Butun Ichan-Qal'a suratga tushish uchun ajoyib maskan, biroq Juma masjidi alohida to‘xtab o‘tishga arziydi. Uning devorlari ortida tekis tomni ko‘tarib turgan ikki yuzdan ortiq yog‘och ustunli zal yashiringan. Ustunlarning o‘ymakorlik naqshlari va chuqurligi bir-biridan farq qiladi, shu bois ularning har birini alohida tomosha qilish qiziqarli boʻladi. Tomdagi tuynuklardan tushadigan kunduzgi yorug‘lik tufayli ayrim ustunlar yorishib tursa, boshqalari yarim qorong‘ilikda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Aynan yorug‘lik va soyaning almashib turishi bu makonga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi. Keng kadrda ustunlarning bir maromda joylashganini ko‘rsatish, portret uchun esa yorug‘lik tushib turgan joy yaqinidan o‘rin tanlab, uning yuzga mayin tushishiga erishish mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, Juma masjidi diniy yodgorlik hisoblanadi, shu bois bu yerda osoyishta suratga olish va muqaddas makonga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhim.
Foto: @kirstenfloris; @chimchim_camera.
Old Terrassa Café & Restaurant restoranida, Ko‘hna Ark devorlari yonidagi ayvondan ochiladigan manzara menyuga boʻlgan e’tiborni chalg‘itishi mumkin. Bu yerdan minoralari, gumbazlari va qum rang devorlari bilan qadimiy Xivaning go‘zal manzarasi ko‘rinadi. Stol atrofida qahva ichib yoki sho‘rva va palovdan iborat to‘laqonli tushlik qilib, uzoqroq qolishni xohlaydi odam. Ma’lumot uchun, bu maskanda palov ham o‘ziga xos usulda tortiladi.
Suratga tushish uchun, ayniqsa, quyosh botishidan oldingi vaqt juda mos. Ayvon chetidagi stolni tanlasangiz, dasturxon va me’moriy manzarani bir kadrga jamlash mumkin, yarim burilgan holatda tushilgan portret esa ortingizdagi shahar manzarasi uchun ham joy qoldiradi. Odamlarsiz bir nechta umumiy plandagi kadrlar olishni ham unutmang: bir-biriga zich joylashgan binolar va olisga cho‘zilgan minoralar chiroyli shahar manzarasini hosil qiladi.
Foto: @tinker_richo; @koka_kskaaaa.
Ichan-Qal'a devorlari ortida Nurillaboy saroyi joylashgan. Bu qarorgohda XX asr boshidagi Xiva Yevropa modasi bilan uyg‘unlashgan. Me’morchilik va interyerlarda Xorazm an’analari Yevropa uslubi bilan qorishib ketgan: o‘ymakor ganch va naqshinkor bezaklar ko‘zgular, qandillar hamda hashamatli mebellar bilan yonma-yon keladi.
Suratga tushish uchun, ayniqsa, qabul zali va uning baland shiftlari mos keladi. Zalning ko‘lami va simmetriyasini ko‘rsatish uchun kirish joyidan umumiy kadr olish mumkin, so‘ng ko‘zgulardagi akslar, ganchkorlik bezaklari va qandillarning mayda detallarini yaqindan suratga olish kerak. Hovlilarda esa ravoqlar va bog‘ manzarasi fonida sokinroq kadrlar olish mumkin.
Foto: Uzbekistan Travel.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan.





















































































































