O‘zbek choponlari: turli hududlardagi choponlar nimasi bilan farq qiladi va nima uchun butun dunyoda kiyiladi?

O‘zbekistonning turli hududlaridagi choponlar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi, ularni yaratish an’analarini kim saqlab qolgan va nima uchun ular jahon modasini zabt etmoqda?
O‘zbekiston nafaqat o‘zining me’morchiligi, milliy taomlari va qadimiy an’analari bilan, balki jahon podiumlarini zabt etayotgan choponlari bilan ham butun dunyoga mashhur. Garderobning yorqin elementining odatiy silueti ortida mintaqaviy xususiyatlar, qadimiy to‘qish va kashtachilik usullari yashiringan.
“Bugungi kunda butun dunyo tobora standartlashib bormoqda: odamlar bir-biriga o‘xshaydi va umumiy trendlarga amal qilib, taxminan bir xil kiyinadi. Chopon esa, ayniqsa, mahalliy matolardan tikilgan va o‘z naqshlarimiz bilan bezatilgan o‘zbek choponlari insonga o‘ziga xosligini saqlab qolishga va o‘zini namoyon etishga yordam beradi”, — deydi dunyodagi birinchi chopon uy-muzeyi asoschisi Nodira Abdurahmonova (Nadi_Uz).
O‘zbek choponining o‘ziga xosligi nimada?
Chopon tarixi Markaziy Osiyoda ustki kiyim kiyishning qadimiy an’analari bilan bog‘liq. “Chopon” so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “faxriy libos” ma’nosini anglatadi.
Choponlar mavsumiyligi, jinsi, ijtimoiy mavqeyi va tikilgan hududiga qarab farqlangan. Bu kiyim uchun tanlangan matolarda, bichimida va bezaklarida ham o‘z aksini topgan.
Yozda bo‘z, ipak, yarim ipak va baxmal matolardan tikilgan choponlar, qishda esa paxta solib qavilgan choponlar kiyilgan.
Erkaklar choponlari ipak va paxtadan tayyorlangan yo‘l-yo‘l beqasam matosidan ham tikilgan. Ular keng, yenglari uzun bo‘lgan. Choponlar yo‘l-yo‘l va abr naqshlari, kashtalar, zar tikuvlar hamda bezakli jiyaklar bilan bezatilgan. Erkaklar beliga qiyiqcha bog‘lagan, alohida marosimlarda esa belbog‘dan foydalangan.
Bir necha asrlar davomida chopon o‘zbeklarning asosiy ustki kiyimi bo‘lib kelgan. Uni erkaklar ham, ayollar ham kiygan. Paxta solib qavilgan, issiq, yorqin rangli, o‘ziga xos naqshlar bilan bezatilgan choponlar nafaqat amaliy kiyim, balki o‘z davri estetikasining ham aks-sadosi bo‘lgan.
LALI’da biz ko‘p yillardan beri qadimiy choponlarni tadqiq qilib, ularning tuzilishi, mutanosibligi va qismlarini bir-biriga ulash usullarini o‘rganib kelamiz. Har safar an’anaviy bichimning naqadar puxta o‘ylanganiga qoyil qolamiz. To‘g‘ri bichilganda, deyarli hech qanday mato chiqindisi qolmaydi: matoning har bir bo‘lagi o‘z o‘rnini topadi — qo‘ltiq osti bo‘laklari, qo‘shimcha qismlar va yeng detallarida. Bu barcha jihatlari mayda detallarigacha puxta o‘ylangan ajoyib geometriya, o‘ziga xos pazl. Bugungi kunda ongli va chiqindisiz ishlab chiqarish deb ataladigan usulni ustalarimiz asrlar davomida qo‘llab kelishgan, — deydi LALI asoschisi Lali Fazilova.
Ayollar choponlarining bichimi ancha farq qilgan. Ular etagi kengayib boradigan, yenglari kaltaroq bo‘lgan, yagona bezagi esa jiyak edi. Ayollar choponni faqat qish faslida kiygan.
Choponga qarab insonning ijtimoiy mavqeyini aniqlash mumkin bo‘lgan: oddiy xalq atlasdan, hunarmandlar plyush matosidan, zodagonlar esa baxmal yoki ipakdan tikilgan choponlarni kiygan. Hukumat vakillari uchun mo‘ljallangan choponlar zar tikuvlar, kumush iplar va ipakdan tayyorlangan applikatsiyalar bilan bezatilgan.
Chopon sovgʻa qilish hurmat, minnatdorchilik va mehmondoʻstlikni ifoda etish demakdir.
Oʻzbekistondagi choponlarning hududiy xususiyatlari
Choponlar hududlarga qarab bir-biridan farq qilsa-da, ularga aniq baho berish va muayyan bir hududga bog‘lash mumkin emas. Matolar savdosi va ustalarning ko‘chib yurishi tufayli Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi shaharlarda turli naqshlar va kashtachilik usullari bir-biriga singib ketgan.
Buxoro
Buxoro choponlari (jomalari) an’anaviy zar kashtachiligi — zardo‘zi usulida bezatilgan. Bunda zamindo‘zi va guldo‘zi texnikasidan foydalanilgan bo‘lib, asosiy naqshlar darham, butador va davqurdan iborat edi. Masalan, XIX asrda Buxoroning zardo‘zi choponlari alohida shuhrat qozongan.
Ularning farqi naqshlarning joylashuvida bo‘lgan: matoning kashta bilan yoppasiga qoplanishi, motivlarning bir tekis taqsimlanishi va erkaklar to‘nlarida kiyim hoshiyalari bo‘ylab tikilgan kashtalar shular jumlasidan.
Farg‘ona vodiysi: Qo‘qon, Marg‘ilon
Marg‘ilonliklar va qo‘qonliklar uchun sariq rangni binafsha va pushti ranglar bilan uyg‘unlashtirish xos bo‘lgan. Mato tayyorlashda ranglar va yo‘llarning kengligiga, shuningdek, ularning o‘zaro uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Naqshlar uchun ikat usulidan foydalanilgan: to‘qish boshlanishidan avval iplar bog‘lab chiqilgan va bo‘yalgan. Muar ishlovi matoga to‘lqinsimon yaltirash xususiyatini bergan. Ayrim qishki choponlarda qavish choklari kvadratlardan iborat naqsh hosil qilgan.
“Men uchun choponning tarixiy shaklini saqlab qolish emas, balki uning rivojlanishini davom ettirish muhim. Asriy hunarmandchilik an’analari zamonaviy liboslarda yashashi, o‘z aslligini saqlab qolishi va yangicha ohang kasb etishini ta’minlash.
LALI uchun chopon — bu o‘tmishga qaytish emas, balki hali tugallanmagan tarixning davomidir", — deydi Lali asoschisi Lali Fozilova.
Samarqand
Samarqand to‘quvchiligida olacha, beqasam, adras hamda guldor baxmaldan foydalanilgan. Bu yerda yengil yaktak, qavilgan to‘n va movut chopon — chakmon o‘zaro farqlangan. Bichimning asosini tunikasimon shakl tashkil etgan.
Choponning uzunligi kishining ijtimoiy mavqeyini belgilab bergan: oddiy shaharliklarda u boldirning o‘rtasigacha, zodagon va voizlarda esa to‘piqqacha tushgan. Yoqasiga ikkita bog‘ich taqilgan, yeng uchlari, etak, yoqa hamda yon yirtmochlari esa tasma — jiyak bilan hoshiyalangan.
Xorazm
Xorazm ustki kiyimi qizg‘ish tusli mayda yo‘lli bo‘lgan. Ayollar kiyimi uchun baxmal, ipak va yo‘l-yo‘l olacha ishlatilgan.
Mintaqa janubida misoq va yelak, shimolida esa chopon kiyilgan. Misoq va yelak mayda choklar bilan qavilib, chetlari qizil yoki pushti jiyak bilan bezatilgan.
Qoraqalpogʻiston
Qoraqalpoq choponlari yelka qismidan buklangan yaxlit matodan bichilgan, shu bois ularning yelka choki bo‘lmagan. Yenglari keng va to‘g‘ri bo‘lib, harakatlanishga qulay bo‘lishi uchun qo‘ltiq ostiga xishtak qo‘yilgan. Chopon hoshiyalari jiyak bilan bezatilgan. Ularning ham qavilgan, ham qavilmagan turlari tikilgan.
Erkaklar choponi ingichka qizil yo‘l-yo‘l yaltiroq matodan tikilgan. Ayollar choponining bichimi ham shunga o‘xshash bo‘lib, ularni tikishda Buxoro, Xorazm va Rossiyadan keltirilgan yorqin shoyi hamda nimshoyi matolardan foydalanilgan. Ular mayda vertikal qavig‘i bilan ajralib turgan.
Chopon va zamonaviylik
Bugungi kunda chopon garderobning urfdagi qismiga aylangan. U madaniy meros bilan aloqasini saqlab qolgan holda, o‘zgarishda davom etmoqda.
“Choponlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham sevib qolishganini ko‘ryapman. Turli millat vakillari ularni shunchaki an’anaviy kiyim sifatida emas, balki madaniyatimiz haqida butun dunyoga hikoya qilish vositasi sifatida qabul qila boshladi. Dizaynerlar bu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda va bugun biz bu borada ham talab, ham taklif borligini ko‘ryapmiz”.
“Bugungi kunda chopon kundalik garderobning bir qismiga aylanmoqda — uni plash yoki kardigan kabi bemalol kiyish mumkin. Erkaklar ham ustki kiyim sifatida choponni tobora ko‘proq tanlayotganini ko‘rish quvonarli.
Choponlarning yangicha talqinda qayta kashf etilayotganidan juda xursandman. Umid qilamanki, dizaynerlar va moda ixlosmandlarining yosh avlodi milliy kiyimimizning ushbu unsurini yangi bosqichga olib chiqadi", — deydi dunyodagi birinchi choponlar uy-muzeyi asoschisi Nodira Abdurahmonova (Nadi Uz).
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida yaratilgan.



















