Toshkentda HotelPro HUB Central Asia 2026 xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi

E’lon qilingan sana: · 32
Toshkentda HotelPro HUB Central Asia 2026 xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi

24-noyabr kuni turli mamlakatlardan kelgan mehmonxona biznesi vakillari, investorlar va ekspertlar Markaziy Osiyoda turizmni rivojlantirish, mehmonxonalarga investitsiya kiritish va mehmondo‘stlik sohasidagi yangi texnologiyalarni muhokama qiladi.

24-noyabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida mehmonxona biznesini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro HotelPro HUB Central Asia 2026 forumi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladigan tadbir investorlar, developerlar, mehmonxona egalari va boshqaruvchilari, xalqaro mehmonxona tarmoqlari hamda texnologik kompaniyalar vakillarini birlashtiradi.

Bu yil forum ilk bor mintaqaviy formatda o‘tkaziladi. Tashkilotchilar 500 dan ortiq ishtirokchi va 40 dan ziyod kompaniya qatnashishini kutmoqda. Kun davomida qariyb 1000 ta ishbilarmonlik uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forumning asosiy mavzusi mehmonxona biznesining iqtisodiy jihatlari bo‘ladi. Unda investitsiya jalb qilish va mehmonxonalar qurilishidan tortib, daromadlilikni boshqarish, texnologiyalarni joriy etish va turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishgacha bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqiladi.

Forum mavzulari

Ishbilarmonlik dasturi Markaziy Osiyo mehmonxona bozorini rivojlantirishga oid asosiy masalalarni qamrab oladi. Ishtirokchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasida qo‘shma turistik yo‘nalishlar yaratish, tibbiy turizm istiqbollari, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalar jalb qilish va xalqaro brendlar ostida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar samaradorligini muhokama qiladi.

Alohida sessiyalar mehmonxona rezidensiyalari va apart-mehmonxonalarning investitsiya obyekti sifatidagi imkoniyatlari, hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mehmonxona xizmatlarida sun’iy intellekt va avtomatlashtirish texnologiyalarini qo‘llashga bag‘ishlanadi.

Spikerlar orasida:

  • Ilya Umanskiy — Rossiya Turizm sanoati ittifoqi prezidenti;
  • Qayrat Sadvakasov — Kazakh Tourism sobiq raisi;
  • Sergey Yegorov — Wyndham Hotels & Resorts kompaniyasining Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida rivojlanish yo‘nalishi rahbari;
  • Jyulyen Berja — Valor Hospitality Partners hammuassisi va boshqaruvchi hamkori;
  • Lola Mirzayeva — Farovon Hotels Group mehmonxonalar tarmog‘i asoschisi;
  • Jiyemurat Mambetkarimov — PDP EcoSystem bosh direktori, PDP University rektori.

Shuningdek, dasturdan mehmonxona biznesi uchun texnologik startaplar taqdimoti ham o‘rin olgan. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini namoyish etib, soha mutaxassislaridan fikr-mulohazalar oladi.

Forum “2030-yil uchun taxminlar” mavzusidagi muhokama bilan yakunlanadi. Unda ekspertlar Markaziy Osiyo mehmonxona bozorining kelajagi haqidagi prognozlari bilan o‘rtoqlashadi.

Asosiy chiqishlar bilan bir vaqtda, soat 10:00 dan 18:00 gacha investorlar, mehmonxona operatorlari, developerlar va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘rtasida individual B2B muzokaralar o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbir hududida mehmonxona biznesi uchun yechimlar namoyish etiladigan ko‘rgazma maydoni ochiladi.

HotelPro HUB Central Asia 2026 forumi 24-noyabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish va batafsil dastur bilan hotelprohub.uz saytida tanishish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling