Toʻylar muborak: Xonanda Shahzoda oʻgʻlini uylantirdi

Afisha.uz yangi "Toʻylar muborak" nomli boʻlimini ishga tushirdi. Unda to‘y industriyasiga oid ma’lumotlar, qiziqarli shaxslar bilan intervyular, shou-biznes yulduzlari hayotidagi yangiliklar, shuningdek, gul do‘konlari, go‘zallik salonlari va to‘yga tayyorgarlik bilan bog‘liq boshqa xizmatlar haqidagi qiziqarli materiallar e’lon qilib boriladi.
Xonanda Shahzodaning katta o‘g‘li Salihning to‘yi 21-aprel kuni Toshkentdagi InterContinental mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu quvonchli marosimda oila a’zolari, yaqinlar hamda san’at olamining ko‘plab vakillari ishtirok etdi.

Kechaning bosh qahramonlari Salih va Xushnoza bo‘ldi.
Juftlik oʻzbek shou-biznesidan biroz uzoqroq bo‘lgani sababli ular haqida ochiq manbalarda ko‘p ma’lumot uchramaydi. Shunga qaramay, kuyov Salih yoshlik davrida bir nechta musiqiy kliplarda suratga tushgan — xususan, Shahriyorning “Seni ko‘rdim” hamda Shahzodaning “Baxtliman” qo‘shiqlari uchun ishlangan videolarda ishtirok etgan. Bundan tashqari, u Nilufar Usmonova bilan birgalikda “Omad yor bo‘lsin” nomli duetni ham ijro etgan.
To‘y marosimi “Hasan Decor” tomonidan bezatilgan bo‘lib, zal oq rang ustuvorligida ertaknamo uslubda jihozlangan.
Nafis kompozitsiyalar, ayniqsa oq kalla gullar bezakning asosiy elementi sifatida tanlangan bo‘lib, umumiy muhitga yengillik va latofat bag‘ishlagan. An’anaviy to‘y bezaklaridan farqli ravishda, dizayn minimalizm va nozik estetik asosida qurilgan.
Marosimdan ulashilgan lavhalarga ko‘ra, to‘yda ko‘plab taniqli san’atkorlar ishtirok etgan. Kechani musiqiy jihatdan boyitganlar qatorida Farrux Zokirov ham bor edi. Mehmonlar orasida Munisa Rizayeva, Parizoda hamda Aziza Nizamova kabi ijodkorlarni ham uchratish mumkin edi.
Kelin uch xil obrazda namoyon bo‘ldi. Asosiy kelinlik libosi “Lasposa” saloniga tegishli bo‘lib, bu haqda brend asoschisi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilgan.

Kelin salom marosimi uchun esa Dildora Kasimova modalar uyi tomonidan yaratilgan nafis oq libos tanlangan.
Ushbu marosimda kelin salomni aktrisa Tojibar Azizova ijro etdi.
To‘y davomida an’anaviy marosimlar bilan bir qatorda zamonaviy elementlar ham o‘rin oldi.

Jumladan, kelin-kuyov valsi, tort kesish marosimi hamda turli sahna chiqishlari tashkil etildi.
To‘y torti Toshkentdagi mashhur qandolat uyi “Oro Cakes” tomonidan tayyorlangan.
Musiqiy chiqishlar davomida kuyovning o‘zi ham sahnaga chiqib, qo‘shiq ijro etdi.

Oqshomni taniqli boshlovchilar Nilufar Sotiboldiyeva va Artur Beglaryan olib borishdi.

Marosim davomida esa ota-onalar tomonidan ham ikki yoshga baxtli turmush, mustahkam sevgi va farovon kelajak tilandi.















