Teylor Svift va Trevis Kelsi turmush qurdi

Amerikalik xonanda Teylor Svift va “Kanzas-Siti Chifs” klubi o‘yinchisi Trevis Kelsi 3-iyul kuni turmush qurdi. Bu haqda xonandaning matbuot kotibiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Juftlikning to‘yi Nyu-Yorkdagi “Medison-skver-garden” arenasida bo‘lib o‘tdi. Arena tashqarisidagi katta ekranlarda “JUST&T MARRIED!” yozuvi namoyish etildi.
Marosimni aktyor va komik Adam Sendler olib bordi. U juftlikning yaqin do‘sti hisoblanadi. Teylor Sviftning ukasi Ostin Svift kelinning asosiy vakili, Trevis Kelsining akasi, sobiq futbolchi Jeyson Kelsi esa kuyovning asosiy vakili bo‘ldi.
Xonanda va sportchining to‘y liboslari Christian Dior brendi tomonidan tayyorlandi. Svift marosim uchun Cartier taqinchoqlarini tanladi. Hozircha to‘ydan rasmiy suratlar e’lon qilinmagan.
Marosimda ko‘plab taniqli shaxslar, jumladan, Jennifer Lopes, Ed Shiran, Jimmi Fellon, Ebbi Uombak, Hyu Grant, Jeyson Sudeykis va Itan Houk ishtirok etdi.
Muxlislar “Medison-skver-garden” atrofiga yig‘ilib, juftlik va mehmonlarni ko‘rishga harakat qilgan. Ayrim OAV ushbu marosimni “Amerikaning qirollik to‘yi” deb atadi.
To‘y munosabati bilan Nyu-Yorkdagi “Empayr-steyt-bilding” binosi chiroqlari och ko‘k rangda yoritildi. Bu to‘ylardagi “nimadir ko‘k rangda bo‘lishi omad keltiradi” degan an’anaga ishora sifatida amalga oshirilgan.
To‘y oldidan juftlik Nyu-York va boshqa hududlardagi bir nechta xayriya tashkilotlariga jami 26 million dollar mablag‘ ajratgan.
Svift va Kelsining munosabatlari 2023-yilda boshlangan. Sportchi xonandaning “Eras Tour” konsertidan keyin u bilan uchrashishga harakat qilgan, biroq bunga erisha olmagan. Keyinroq u podkastda bu voqea haqida gapirib bergan va shu orqali Sviftning e’tiborini tortgan.
Munosabatlari davomida ular Sviftning konsertlarida, “Kanzas-Siti Chifs” o‘yinlarida va turli ko‘rsatuvlarda birga ko‘rinish bergan. 2025-yil avgustda juftlik unashtirilganini e’lon qilgandi.
Teylor Svift dunyoning eng muvaffaqiyatli xonandalaridan biri hisoblanadi. U 14 ta “Gremmi” mukofotini qo‘lga kiritgan va “Eras Tour” orqali milliard dollarlik natija qayd etgan.
Trevis Kelsi esa Amerika futbolidagi eng taniqli o‘yinchilardan biri bo‘lib, “Kanzas-Siti Chifs” safida uch marta “Superboul” g‘olibiga aylangan.





