Pop madaniyatning yangi fenomeni: Labubu haqida batafsil

E’lon qilingan sana· 1 083
Pop madaniyatning yangi fenomeni: Labubu haqida batafsil

Yoqimtoy yoki xunukkina?

Bir qarasang — yoqimtoy. Yana qarasang — biroz qo‘rqinchli. Lekin qanday bo‘lmasin, Labubu oʻyinchogʻi hozir hammaning e’tiborida. Uning yirik ko‘zlariga va jilmayib turgan qiyshiq tishlariga qarab, uni oddiy bir bolalar o‘yinchog‘i deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo quvnoq koʻrinishdagi kichkintoy aslida global kolleksionerlar orasida qimmatli artefakt, TikTok va Instagram lentalarining esa yorqin yulduzi.

Labubu atrofida shakllangan bu “telba"lik — ya’ni “Labubu craze” — bu oddiy tendensiya emas. U zamonaviy marketing, nostalgiya, vizual estetika va internet-memlar kuchining kesishgan nuqtasidir. Kimdir uni shunchaki yoqimtoy deb topsa, boshqalar uchun u kolleksiya manbai, hissiyotlar, hattoki, shaxsiy brendning bir qismiga aylangan.

Labubu nima uchun omma e’tiborini shunchalik o‘ziga tortyapdi? Ushbu zamonaviy fenomen haqida gaplashamiz.

Labubu nima?

Labubu — 2015-yilda Gonkonglik rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan personajlarga asoslangan yumshoq o‘yinchoqlar turkumi. U elfga o‘xshash mavjudotlar — jumladan Zimomo, Tycoco va asl Labubu kabi qahramonlarni o‘z ichiga olgan “The Monsters” nomli bolalar kitobi seriyasidan kelib chiqqan.

2019-yilda Lung Xitoyning Pop Mart nomli doʻkonlar tarmogʻi bilan hamkorlik qilgan va bu hamkorlik global o‘yinchoq sensatsiyasining poydevoriga aylangan. Pop Mart o‘sha yildan boshlab bu eksklyuziv yumshoq o‘yinchoqlarni o‘z do‘konlari orqali tarqata boshlagan. 2023-yilda esa kompaniya Labubu kalit uchun zanjirlarini taqdim etdi, bu orqali o‘yinchoq brendini kundalik aksessuarlarning biriga aylantirib, mashhurligini yanada oshirdi.

Fandom, moda va Labubumaniya

Bugungi kundagi Labubu atrofidagi shov-shuvlar, avvalo, Blackpink guruhi a’zosi Lisa bilan bog‘liq. 2024-yil aprel oyida u Labubu qo‘g‘irchog‘ini quchoqlab turgan suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi va bu oddiygina post Labubuga bo‘lgan global talabni oshirib yubordi. Buning ortidan kelgan boshqa suratlar — Labubu sumkalariga ilingan aksessuarlar — nafaqat Osiyoda, balki Shimoliy Amerika va Yevropada ham yangi trendga aylandi. Lisa orqali Labubu endi shunchaki o‘yinchoq emas, balki “cool girl” imidjining bir qismi sifatida koʻrilmoqda.

Ammo Lisa bu trendni boshlab bergan bo‘lsa-da, uni globallashtirgan kuch — bu fandomning o‘zi. Rihanna va Dua Lipa kabi mashhurlar ham dizaynerlik sumkalariga Labubu breloklarini ilgan holda paparatsilar nigohiga tushdi. Bu hodisa Labubuni oddiy kollektsion buyumdan moda aksessuariga aylantirdi. Ayniqsa Gen Z orasida bu o‘yinchoq oʻziga xos imidj, shaxsiy estetika va “men boshqalardan farq qilaman” degan g‘oyaning timsoli sifatida qabul qilinmoqda. Oʻzbek media olamida ham ushbu oʻyinchoq mashhurlikka erishmoqda. Bloger-inflyuyenser Ganya Usman ham ushbu oʻyinchoq bilan reels joyladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Labubu “unboxing” videolari koʻp sonli auditoriyalar qiziqishiga sabab boʻlyapdi. Google qidiruvlarida “Labubu bag charm” iborasi minglab marta izlanmoqda. TikTokda yangi kolleksiyalarning ochilish videolari million marotaba tomosha qilinmoqda. Pop Mart do‘konlarida, ayniqsa Angliya va Osiyo mamlakatlarida, navbatlar odatiy holga aylangan. Labubu bu bilan shunchaki o‘yinchoqdan chiqib, kross-madaniy fenomenga aylandi.

Labubu va uning do‘stlari

Labubu o‘yinchoqlarining eng ajoyib tomoni — ularning mavzu va mavsumlarga xos va mos xilma-xil, o‘zgacha dizaynlarda taqdim etilishidadir. Har bir turkum o‘z g‘oyasi va estetikasi bilan ajralib turadi. Asosiy turkumlardan biri “Core editions” boʻlib, unda Labubuning har bir xarakteri ochib berilgan. Masalan, “Time to Chill” — sokin dam olish lahzalarini ifodalasa, “JUMP FOR JOY” — energiyaga to‘la Labubu timsolidir. “Dress be Latte” moda va qahva estetikasi bilan uyg‘unlashgan bo‘lsa, “Flip with Me” — o‘ynoqi va harakatchan Labubu obrazini aks ettiradi. Yovvoyi tabiat ilhomida yaratilgan “Fall in Wild” boʻlsa, shaxmat mavzusidagi “Let's Checkmate” turkumi esa uning jiddiyroq qirralarini ochib beradi.

Bundan tashqari, Labubu’ning do‘stlari — Zimomo va Mokoko ham o‘ziga xos uslublari bilan katta mashhurlikka erishgan. Zimomoning “I Found You” va “Angel in Clouds” seriyalari oʻzining ko‘rinishi va dizayni bilan ajralib turadi. Mokoko esa yanada xilma-xil to‘plamlarga ega boʻlib, “Close to Sweet”, “Fall into Spring”, “The Blue Diamond”, “Magic of Pumpkin” va “Twinkly Fairy Tale” kabilari mavjud.

Ayni paytdagi so‘nggi turkumlardan biri — The Monsters Big Into Energy Series bo‘lib, Pop Mart ushbu kolleksiyani uzoq tanaffusdan so‘ng, 2025-yil 25-aprel kuni “blind box” shaklida taqdim etdi. To‘plam oltita asosiy dizayndan iborat bo‘lib, har biri muayyan his-tuyg‘uni ifodalaydi: Love (qizil) — muhabbat, Happiness (to‘q sariq) — baxt, Loyalty (pushti va sariq) — sadoqat, Serenity (yashil) — osoyishtalik, Hope (ko‘k) — umid va Luck (siyohrang) — omad timsolidir.

Labubu rekordi

2025-yil 10-iyun kuni Pekinda o‘tkazilgan ilk Labubu kolleksiyalariga bag‘ishlangan auktsionda inson bo‘yi kattalikdagi Labubu 1,08 million yuan ($150,275) evaziga sotildi. “Yongle International Auction” tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda jami 48 ta lot savdoga qo‘yildi va 3,73 million yuan umumiy tushum qayd etildi. Mingga yaqin kolleksionerlar, jumladan minglab onlayn ishtirokchilar, ushbu haykalchalar uchun raqobatlashdi.

Eng qimmat baholangan haykalchaning balandligi 131 sm bo‘lib, bu dunyodagi yagona nusxadir. Undan keyingi o‘rinlarni esa 160 sm boʻlgan inson bo‘yi bilan teng atigi 15 dona mavjud boʻlgan jigarrang Labubu va 2017-yilda chiqarilgan, cheklangan miqdordagi “Three Wise Labubu” nomli uchlik to‘plami egalladi. Labubu endilikda faqatgina oʻyinchoq emas, balki kolleksionerlar va san’at ixlosmandlari uchun qimmatli buyum ham hisoblanadi. Talab oshib borayotganiga qaramay, taklif hanuz cheklangan miqdorda. Bu fenomenning qayergacha borishini hech kim aniq aytolmaydi, biroq u madaniyat va biznes olamida o‘z izini allaqachon qoldirdi.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling