Choʻntak kutubxona: telefonda kitob oʻqish uchun eng qulay 8 ilova

E’lon qilingan sana· 82
Choʻntak kutubxona: telefonda kitob oʻqish uchun eng qulay 8 ilova

Kitobni qo‘lda tutib varaqlash albatta boshqa gap, ammo telefonimiz endi cho‘ntakdagi butun bir kutubxona bo‘lib qolgani ham bor gap, undan foydalanish kerak. O‘zingiz xohlagan joyda, xohlagan vaqtda o‘qish imkoniyati — ajoyib emasmi? Telefon uchun bunday ilovalar juda koʻp, keling shularning ichidan Afisha muharriri versiyasi boʻyicha eng yaxshi 8 tasini koʻrib chiqamiz. Oxirida esa bitta bonus bor.


Mutolaa

Bu ilovani o‘zimizniki deb aytsa bo‘ladi. O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqilgan, elektron, audio va hatto video kitoblar jamlangan platforma. Mutolaa nafaqat klassik adabiyotlar, balki zamonaviy o‘zbek yozuvchilarining yangi asarlarini ham taklif qiladi.

Ko‘z uchun qulay tungi rejim, shriftni kattalashtirish kabi funksiyalari bor. Ilovada premium tarif sotib olish mumkin, u bir nechta qulayliklar beradi: ayrim adabiyotlarni bepul oʻqish, faollikni kuzatib boruvchi statistika, audio kitoblarni oflayn rejimda eshitish imkoniyati va ularga tovushbezak qoʻshish funksiyasi va boshqalar. “Market” boʻlimi orqali ayrim kitoblarni alohida sotib olish mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Яндекс Книги

Mashhur Bookmate platformasining Yandex brendi ostidagi versiyasi. Bu yerda elektron va audiokitoblar bir joyda. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun eng yaxshi afzalligi katta xalqaro katalog. Shriftlarni sozlash, tungi rejim va kitobni audio shaklga o‘tkazib tinglash imkoniyati bor.

Ilovada bir kitobni audio eshitsang, uning matnli varianti avtomatik sinxronizatiya qilib boriladi. Ya’ni siz oʻqiyotgan joyingizdan audio variantda davom ettirishingiz mumkin boʻladi.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Litres: Books and Audiobooks

Rossiyadan chiqqan yana bir yirik platforma. Uning o‘ziga xosligi — nafaqat badiiy adabiyot, balki darsliklar, qo‘llanmalar, ilmiy va amaliy kitoblar ham mavjud. Ko‘z uchun qulay boʻlsinga fon rangini o‘zgartirish, shriftni moslash kabi imkoniyatlar mavjud. O‘zbek foydalanuvchilari orasida “audio-kitob” funksiyasi sabab mashhur.

Ushbu ilovada asosan rus tilidagi kitoblar bor. Ilovada xuddi yuqoridagidek funksiya bor: audio va tekst oʻrtasidagi sinxronizatsiya. Unda hatto podkastlar ham tinglash mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Google Play Books

Bu ilova Android foydalanuvchilarning ko‘pchiligida allaqachon o‘rnatilgan boʻladi. Kutubxonaga o‘z PDF va EPUB fayllaringni yuklab o‘qish imkoniyati ham bor. “Night Light” funksiyasi kechasi ko‘zni charchatmaydi. Oddiy interfeysi sabab bu ilova ko‘pchilik uchun “birinchi qadam” bo‘lib xizmat qiladi.

Agar telefoningizda ilova boʻlmasa, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Apple Books

Navbat “tishlangan olma” foydalanuvchilariga. Ular uchun ham maxsus ilova bor. Ushbu ilova keng kutubxona va imkoniyatlarga ega. Masalan, Books ilovasini bir ekotizimdagi istalgan gadjetda ishlatishingiz mumkin.

Ilovada audiokitoblar va elektron kitoblarni bir joyda topish, sotib olish, tinglash va o‘qish mumkin. Tanlangan to‘plamlar, eng sara audiokitoblar va eng sara elektron kitoblarni ko‘rib chiqishingiz va hatto moslashtirilgan tavsiyalarni olishingiz mumkin. Agar ilovani qurilmangizda topa olmasangiz, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Amazon Kindle

Elektron kitob deyilganida eng birinchi esga tushadigan ilova. Kindle’da millionlab kitoblar mavjud. Foydalanuvchilar uchun asosiy afzallik — sinxronizatsiya: masalan, telefonda boshlangan kitobni planshet yoki kompyuterda xuddi shu sahifadan davom ettirish mumkin. Ko‘z uchun sozlamalar juda keng — shrift, fon, satrlar oralig‘i, hatto maxsus “sepia” rejimi ham bor. Xuddi shunday nomdagi bukrider ham bor, buni bilsangiz kerak.

Afsuski, hozirgi kunda bu ilova PlayMarket’da Oʻzbekiston hududi uchun mavjud emas, ammo AppStore orqali yuklab olishingiz mumkin.


ReadEra

Android foydalanuvchilari uchun haqiqiy topilma. Reklamasiz, bepul va ko‘p formatlarni (EPUB, FB2, PDF, DOCX va boshqalar) qo‘llab-quvvatlaydi. Dizayni oddiy, ammo ilovaning oʻzi juda tezkor. Foydalanuvchilar uni “kitobxonning eng yaxshi do‘sti” deb atashadi.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Asaxiy Books

Toʻplamni oʻzbekcha ilovadan boshladik, endi shundayi bilan tugatishimiz ham kerak. Tavsiyalarimizning soʻnggisi — Asaxiy Books ilovasi. Ushbu loyihaning kitoblari koʻpchilikka yaxshi tanish. Agar qogʻoz variantini oʻqishga imkoningiz boʻlmasa yoki elektron kitob oʻqish qulayroq boʻlsa, uning ilovasidan foydalanishingiz mumkin. Unda koʻp kitoblarning audio variantlari ham bor.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Bonus — GoodReads

Kitobni o‘qib bo‘lgach, uni baholash yoki do‘stlaringiz bilan muhokama qilishni xohlaysizmi? Demak, Goodreads’dan foydalanishingiz kerak. Bu — ijtimoiy tarmoq va kutubxona birlashmasi. Kitob tavsiyalari, “reading challenge” funksiyalari uni kitobxonlar orasida mashhur qilgan. O‘qish funksiyasi emas, balki kitoblar atrofidagi suhbatlar uchun afzal.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling