Oʻzbekistonda Fransiya bilan hamkorlikda universitet tashkil etiladi

Oʻzbekistonda Fransiya bilan hamkorlikda universitet tashkil etiladi. Prezident qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali.
Qarorga koʻra, Oʻzbek-Fransuz universiteti oʻz faoliyatini Oʻzbekiston qonunchiligi talablari hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalari asosida amalga oshiradi.
Universitetda dastlabki bosqichda magistratura, keyinchalik bosqichma-bosqich bakalavriat va doktoranturada kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, universitetga kirish uchun tayyorlov kursi ham joriy etiladi.
Ta’kidlanishicha, ta’lim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga universitet diplomi va (yoki) Fransiya Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan ta’lim dasturlari boʻyicha konsorsium tarkibiga kirgan tegishli Fransiya universitetining diplomi beriladi.
Qayd etilishicha, bitiruvchilarga berilgan diplom Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadi.