AQSh, Buyuk Britaniya, Gongkong: xorijda ta'lim olayotgan oʻzbekistonlik talabalarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi

E’lon qilingan sana· 86
AQSh, Buyuk Britaniya, Gongkong: xorijda ta'lim olayotgan oʻzbekistonlik talabalarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi

10-yanvar kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida chet-elning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan oʻzbekistonlik talabalarni taqdirlash uchun “Xalqaro Yil talabasi” sovrinini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz muxbirlari ham tadbirda ishtirok etdi va undan reportaj tayyorladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu mukofot Yoshlar ishlari agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekiston xalqaro talabalar ittifoqi tomonidan ta’sis etilgan. Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro talabalar ittifoqining rasman Toshkentda ish boshlagani ham e’lon qilindi. Loyihaning bugungi kungacha boʻlgan davri va kelajakdagi rejalari taqdim etildi.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonova, “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Gulnoza Ismoilova, tadbirkor Zafar Hoshimov kabilar ishtirok etdi va gʻoliblarga sovrinlarni topshirdi.

Italiyaning Università degli Studi di Siena universitetida tibbiyot yoʻnalishida ta’lim olayotgan Asliddin Akbarov “Yil innovatsiyasi” nominatsiyasida gʻolib boʻldi. U soʻzga chiqib, qoʻlga kiritgan yutuqlarida ota-onasining oʻrni katta ekani haqida gapirdi.

Bundan tashqari, “Oʻzbekistonni xalqaro maydonda namoyon etish” nominatsiya bo‘yicha Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) talabasi Aakib Niyaz g‘olib bo‘ldi. Mukofotni Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova topshirdi.

“Jamiyat va diasporaga qo‘shgan hissasi” uchun esa Hong Kong University of Science and Technology (Gonkong) talabasi Asadbek Ismoilov g‘olib bo‘ldi. U mukofotni Zafar Hoshimovdan qabul qilib oldi.

Soʻnggi yil talabasi “Yil talabasi” nominatsiyasida esa Columbia University Barnard College (AQSh) talabasi Nozira Davroni g‘olibi bo‘ldi. Mukofotni “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Gulnoza Ismoilova topshirdi.

Tadbir dasturidan “Xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida panel muhokamasi ham oʻrin olgandi. Unda unda xalqaro talabalarning mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi masalalari muhokama qilindi.

Muhokamada Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, tadbirkor Zafar Hoshimov ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston talabalari xalqaro ittifoqi raisi Jasurbek Jabborov suhbatga moderatorlik qildi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling