“Bulut bo‘lmasa bo‘lmaydi – kichkina bo‘lsa ham kerak”: eng qulay bulutli tizimlar 2026

E’lon qilingan sana· 118
“Bulut bo‘lmasa bo‘lmaydi – kichkina bo‘lsa ham kerak”: eng qulay bulutli tizimlar 2026

O‘zbek klassik komedik-fantastik filmi — “Kichkina tabib"ni yaxshi eslasangiz kerak. Samimiy va sodda film. Shundan keyin Doniyor ko‘pchilikning sevimlisiga aylangan. Zulfiqor Musoqov bu kinoda shu darajada yaxshi rejissyorlik qilganki, 1998-yilda 2026-yilda yozilajak (ushbu) maqolaga sal kam kirish qismini yozib ketgan.

Kichkina tabib Doniyor Shuhrat akaning nevarasini davolashga kirisharkan, uchta narsa so‘raydi: toza havo, quyosh va bulut. Doniyor bularning har biri muhim ekani, “kichkina bo‘lsa ham” bulut kerakligini aytadi. Ammo bu maqola film haqida emas.

Doniyorning “check list"i zamonaviy dunyoda ham aktual. Uchinchi kerakli unsur — bulut raqamli tilga ham ko‘chgan. Zamonaviy insonga hozir suratlar, videolar, muhim fayllari va boshqalarni saqlash raqamli “bulut” ham kerak. Ushbu maqolada foydalanish uchun eng yaxshi va qulay bulutli xizmatlarni ko‘rib chiqamiz.


O‘zi “bulut” nima va u qanday ishlaydi?

Bulutli tizimlar (Cloud Computing) — bu sizning fayllaringiz (rasm, hujjat, fayllar va hokazo) kompyuteringiz yoki telefoningiz xotirasida emas, internet tarmog‘i orqali bog‘lanadigan masofadagi ulkan serverlarda saqlanishi. Bu xuddi pulingizni uydagi sandiqda emas, bankda saqlashga o‘xshaydi: siz unga dunyoning istalgan nuqtasidan, istalgan qurilma orqali kirishingiz mumkin.

Ishlash prinsipi oddiy: siz faylni yuklaganingizda, u internet orqali xizmat ko‘rsatuvchi provayderning (masalan, Google, Yandex va hokazo) ma’lumotlar markaziga yuboriladi va u yerda bir nechta nusxada zaxiralab qo‘yiladi. Natijada, kompyuteringiz buzilib qolsa ham, fayllaringiz xavfsiz joyda turadi va ularga kirish uchun faqat internet kerak bo‘ladi.


Google Drive

Dunyodagi eng katta va eng keng tarqalgan bulutli saqlash xizmatlaridan biri. Xizmat Google akkauntga bog‘langan va deyarli barcha xizmatlarni qamrab oladi: Docs, Sheets, Slides, Forms, Photos va boshqalar. Google Drive 15 GB bepul joy beradi. Bu to‘lgandan keyin esa yana joy sotib olish kerak bo‘ladi, 200 GB (oyiga 4,9 dollar), 2 TB (9,9 va 19,9 dollarli tarifi bor) va 5 TBli (24,9 dollar) tariflardan birini tanlash kerak bo‘ladi.

Google Workspace Photos bilan integratsiya qilingan va ular mukammal ishlaydi. Suratlarni yuklab qoʻyganingizdan keyin suratlarni topish SI bilan yanada oson boʻladi. Masalan, kuchuk suratini topmoqchi boʻlsangiz, qidiruvga ingliz tilida “dog” (yoki rus tilida) deb yozsangiz, kuchuk qatnashgan suratlarni chiqarib beradi. Oʻchirib yuborilgan fayllarni 60 kun ichida qayta tiklash mumkin.

  • Bepul joy: 15 GB;
  • Oylik toʻlov: 200 GB uchun 4,9 dollardan boshlab (dastlabki 6 oy 2,9 dollardan);
  • Saytga oʻtish.

Yandex 360

Bu — Google Drive’ning Rossiyadagi muqobili. Unda foto, video, hujjat va fayllarni saqlash qulay. Bepul beriladigan hajm bazaviy vazifalar uchun yetarli, pullik tariflar esa nafaqat joyni ko‘paytiradi, balki imkoniyatlarni ham kengaytiradi, jumladan, media-kontentni cheklovlarsiz avto-yuklash, bitta fayl yuklash hajmini 50 GB gacha oshirish va butun oila uchun umumiy xotira maydon.

Servisda aqlli qidiruv tizimini bor, qidiruvga shunchaki “mushuk” yoki “chek” deb yozsangiz kifoya, tizim kerakli suratlarni darrov topib beradi. Yana bir ustunligi — tasodifan o‘chirilgan faylni 90 kun ichida tiklash imkoniyati bor. Guruch koʻrmaksiz boʻlmaydi, bepul beriladigan 5 GB juda tez to‘lib qoladi, veb-versiyada esa obunasiz 1 GB dan katta fayllarni yuklab bo‘lmaydi.

  • Bepul joy: 5 GB;
  • Oylik toʻlov: 200 GB — 3,9 dollar; 1 TB — 6,2 dollar; 4 TB — 17,5 dollar;
  • Saytga oʻtish.

OneDrive

Microsoft’ning oʻz ekotizimi bilan mukammal integratsiyasi qilingan maxsus platformasi. Windows ish stoli va standart papkalaridagi fayllar avtomatik ravishda bulutga yuklanadi va boshqa shaxsiy qurilmalarda doimiy foydalanish uchun ochiq boʻladi. Word, Excel yoki PowerPoint dasturlarida ishlovchilar uchun bu ayniqsa qulay: barcha tahrirlar real vaqt rejimida saqlanadi va hujjatning istalgan oldingi versiyasiga qaytish imkoniyati mavjud.

Foydali jihati — Personal Vault (Shaxsiy seyf). Bu oʻta muhim va maxfiy shaxsiy fayllarni saqlash uchun qoʻshimcha autentifikatsiyaga ega boʻlgan alohida himoyalangan boʻlimdir. Bepul beriladigan hajm faqat hujjatlar va oz miqdordagi suratlar uchun yetadi. Jiddiyroq imkoniyatlarni Microsoft 365 obunasi taqdim etadi: u 1 TB joy qoʻshadi va ofis ilovalaridan foydalanish huquqini beradi.

Biroq, uning kamchiligi shundaki, Oʻzbekistondan turib toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlov qilish imkoniyati yoʻq, shuning uchun vositachilar yordamiga ehtiyoj tugʻiladi.

  • Bepul joy: 5 GB;
  • Oylik toʻlov: 100 GB — 1,9 dollar; 1 TB — 9,9 dollar (qoʻshimcha imkoniyatlar ochiladi);
  • Saytga oʻtish.

Dropbox

Bu bulutli xizmatlarning “otalaridan” biri. Bugungi kunda raqobatchilari ko‘paygan bo‘lsa-da, fayllarni sinxronizatsiya qilish tezligi va barqarorligi bo‘yicha u hali ham etalon (namuna) bo‘lib qolmoqda. Fayllar barcha qurilmalarda bir zumda yangilanadi, papkalarga umumiy kirish huquqini berish va hujjatlarni jamoaviy tahrirlash esa hech qanday nosozliklarsiz ishlaydi.

Ammo yuqoridagilarga qaraganda bu qimmatroq va tariflari ham koʻp emas. Bepul tarif esa juda kichkina. Ammo pulli tariflarda katta hajmdagi fayllarni almashish juda oson kechadi.

  • Bepul joy: 2 GB;
  • Oylik toʻlov: 1 TB — 9,9 dollar (bir fayl yuklash hajmi 50 GB); 3 TB — 19,9 dollar (100 GB);
  • Saytga oʻtish.

iCloud

Agar telefoningiz iPhone boʻlsa, buni allaqachon koʻrgansiz. Bu Apple qurilmalari uchun maxsus bulutli tizim. U avtomatik ravishda rezerv nusxalarini saqlaydi, fotosuratlar, qaydlar va hujjatlarni sinxronizatsiya qiladi, shuningdek, bir nechta foydalanuvchi o‘rtasida joyni bo‘lishish imkonini beruvchi “Oilaviy kirish” funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Apple gadjetlari uchun umumiy xotira deyish mumkin.

iCloud nafaqat ma’lumotlarni shifrlashni qo‘llab-quvvatlaydi, balki fayllarga kirishni shunday sozlash imkonini beradiki, ular faqat ma’lum bir ishonchli gadjetlardagina ochiladi. Tizim, ayniqsa, iOS va macOS platformalarida maksimal darajada barqaror va tez ishlaydi.

  • Bepul joy: 5 GB;
  • Oylik toʻlov: 50 GB — 0,9 dollar; 200 GB — 2,99 dollar; 2 TB — 10,9 dollar; 6 TB — 32,9 dollar; 12 TB — 64,9 dollar;
  • Saytga oʻtish.

TeraBox

TeraBox’ning boshqalardan ajralib turadigan jihati bir foydalanuvchi rekord darajada bepul joy berishidir. Bu hajm butun bir foto va video arxivlarini saqlash hamda ularga istalgan qurilmadan kirish uchun bemalol yetadi. TeraBox ichida o‘rnatilgan media-pleyer mavjud, shuningdek, bir martalik qiziqarli funksiyasi bor: ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, 50 GB gacha bo‘lgan ma’lumotlarni birdan yuborish mumkin.

Biroq, bunday ulkan hajmning o‘ziga yarasha “shartlari” ham bor. Bepul talqinda bitta faylning hajmi 4 GB bilan, fayllar soni esa 500 dona bilan cheklangan. Bundan tashqari, bepul versiyada reklamalar ko‘rsatiladi (reklama bloklovchilar ish bermaydi). Pulli obuna barcha cheklovlarni olib tashlaydi, ishlash tezligini oshiradi va tasvirlar tahrirlovchisi hamda videolarga neyrotarmoq orqali subtitrlar qo‘shish kabi bonuslarni taqdim etadi.

  • Bepul joy: 1 TB;
  • Yillik toʻlov: 3 TB — 59,9 dollar; 5 TB — 99,9 dollar;
  • Saytga oʻtish.

Box

Bu servis faqatgina suratlarni saqlash instrumentidan koʻproq narsa — katta hajmdagi fayllar bilan jamoaviy ishlash uchun qulay vosita. Bu yerda qaydlar, elektron imzo, turli sxema va jarayonlarni chizish uchun maxsus “canva”, shuningdek, Zoom’dan tortib AutoCAD’gacha boʻlgan integratsiyalarga ega ichki ilovalar doʻkoni mavjud.

Box asosan korporativ (biznes) foydalanishga mo‘ljallangan: interfeysning ingliz tilidaligi va bepul tarifda bitta fayl hajmi 250 MB bilan cheklangani uni shaxsiy bulut sifatida ishlatish uchun unchalik qulay bo‘lmagan variantga aylantiradi.

  • Bepul joy: 10 GB;
  • Oylik toʻlov: 100 GB — 16 dollar; biznes uchun alohida tariflar bor;
  • Saytga oʻtish.

Bonus: Telegram

Yana bir variant bor: Telegram. Agar “Saved Messages"ga fayllarni yuborib qoʻysangiz, keyin istalgan gadjetdan unga kira olasiz. Ko‘pchilik uchun bu alohida bulutli xizmatning o‘rnini bosuvchi qulay vositaga aylangan: faylni shunchaki yuborasiz va u allaqachon sinxronizatsiya qilingan bo‘ladi.

Fayllar soni bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘q. Faqat bitta fayl hajmi bo‘yicha limit mavjud: oddiy foydalanuvchilar uchun 2 GB, Premium obunachilar uchun esa 4 GB. Ichki media-pleyer audio va videolarni muammosiz ijro etadi, bulutli arxitektura esa Telegram’ni barcha ulangan qurilmalardagi barcha chatlar va kanallar uchun yagona omborga aylantiradi.

Biroq, bu qulayliklarning o‘ziga yarasha kamchiligi bor — unda odatiy bulutli tizimlarga xos instrumentlar mavjud emas. Fayllarni papkalarga ajratish yoki kirish huquqlarini kengaytirilgan tarzda sozlash imkoniyati yo‘q, shuning uchun fayllarni tartiblash va izlab topishda faqat teglar (hashtags) yordam berishi mumkin


Siz qaysi bulutli xizmatlardan foydalanasiz?

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling